Ashvaganda yoki “Hind jensheni” haqida eshitganmisiz?
Ashvaganda shifobaxsh o'simlik bo'lib, qadimdan Hindiston tabobatida juda qadrlangan va bir nechta kasalliklarni davolash, oldini olishda qo’llanilgan.
Tibbiyotda o’simlikning ildizi, bargi, meva va urug’laridan foydalaniladi. Ayniqsa o’simlikning ildizlaridan ajratib olingan moddalar keng qo’llaniladi. Ildizlaridan 35 ga yaqin biologik faol birikmalar ajratib olingan. Ashvagandaning tarkibidagi moddalar reproduktiv va asab tizimiga ta’sir qilib, organizmni yoshartirish xususiyatiga ega. Hayotiy faoliyatni yaxshilash va surunkali kasalliklardan keyin tiklanishlarga yordam berish uchun ishlatiladi. Meva va urug’larining diuretik xususiyati mavjud. Uning barglaridan tayyorlangan dori sil kasalligi, bezlarining yallig’lanishini davolaydi, ildizi esa teri kasalliklarini, saratonga qarshi, bronxit va oshqozon yarasini davolaydi.
Shuningdek, o’simlikdan qandli diabetni davolashda ham foydalaniladi. Kalkutta universiteti olimlari tomonidan o’simlik preparatlari stressga qarshi kuchli ta’sir etishi aniqlandi. Shu kabi qator shifobaxshlik xususiyatlari tufayli bu o’simlik “Hind jensheni” deb ham ataladi.
Mohinur Normurotova,
Samarqand davlat universiteti
Biokimyo instituti magistranti.