Samarqand davlat universiteti akademik litseyi bitiruvchilari uchun “Yangi O‘zbekiston yoshlari, bilib qo‘yki, seni Vatan kutadi” nomli bitiruv oqshomi o’tkazildi.

    Anjumanni Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov kirish so’z bilan ochib, bitiruvchilarga omad tiladi.

    Joriy yilda SamDU akademik litseyini 4 ta’lim yo’nalishi bo’yicha 202 nafar o‘quvchi, shundan 3 nafari oltin, 2 nafari kumush medal bilan tamomladi.  25 nafar o‘quvchilar a’lo darajali diplom sohibi bo’ldi.

    122 nafar yigit-qiz xalqaro va milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi. Demak, bu o’quvchilar oliy ta’lim muassasiga o’qishga kirishda chet tili yoki mutaxassislik fanidan eng yuqori ballni qo’lga kiritdi.

    Tadbir davomida Rustam Xolmurodov 10 nafar o’quvchiga “Akademik litseyimiz iftixori” stipendiyasini topshirdi.

    - Qizim Jasmina bugun SamDU akademik litseyining xorijiy filologiya yo’nalishini tamomladi. O’qish davomida bir qator yutuqlarga erishdi, - deydi G’ulom G’aybullayev.  – Chet tilini bilish bo’yicha B2 milliy sertifikatiga ega bo’ldi. Fan olimpiadalarida ishtirok etdi. “Akademik litseyimiz iftixori” stipendiyasini qo’lga kiritdi. Qizimning natijalaridan, erishgan yutuqlaridan faxrlanaman. Endilikda o’qishini Samarqand davlat universitetida davom ettirmoqchi. Men buni qo’llab-quvvatlayman. Farzandimga ta’lim-tarbiya bergan barcha o’qituvchilaridan minnatdorman.

    - Men uchun quvonchli kun. O’rta ta’limdan oliy ta’limga qarab qadam bosyapman, - deydi o’quvchi Musobek Bo’ronov. – Litseyda o’qish davomida matematika, fizika, ingliz tillaridan B2 milliy sertifikatlariga ega bo’ldim. Litseyni oltin medal bilan tugatdim.  “Akademik litseyimiz iftixori” stipendiyasi sohibiman. Fizika fanidan o’tkazilgan viloyat olimpiadasida g’oliblikni qo’lga kiritganman. Erishgan natijalarimda litseydagi ustozlarimning xizmati katta. Barcha o’qituvchilarimga rahmat.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.