Birinchi qismni o‘qish

Ikkinchi qismni o‘qish

3

    ... Soat bong chaldi. Irg‘ib o‘rnimdan turdim. Qahvamni ichib, ishga otlandim. Havo bulutli edi. Kechasi yomg‘ir yoqqan bo‘lsa kerak, yer ho‘l, daraxtlarning oltinrang barglari suvga bo‘kkan, shalpaygancha shoxlarda ma’yus osilib turardi. Havoda o‘tkir sovuqning shashti bor, yupqa plash izg‘irin iskanjasidan himoya qilolmasdi. Ertadan qishlik kiyimlarga o‘tish kerakmikin, deb o‘ylab qoldim. Ishxonaga borsam, hali hech kim kelmagan ekan. Qorovuldan kalitni olib, xonaga kirdim. Ichkari nimqorong‘u edi. Pardani nari surib, chiroqni yoqdim. Stolim ustida kecha chala qolgan hisobot tugatilishini kutib yotar, uning yonida esa tashkilotga kelgan xatlar dastasi turardi. Bo‘lim mudirining yordamchisi bo‘lganim uchun xatlar bilan tanishib, ijrosini ta’minlash mening vazifam edi. Kecha vaqt bo‘lmagani uchun ularni ko‘rib chiqolmagandim. O‘tirib, xat saralashga tushdim. Soliqdan kelgan ogohlantirish xati va qo‘shni tashkilotlardan kelgan mayda xatlardan keyin, manzili yozilmagan konvert chiqdi. Konvertni ochdim. Tanish yozuvda yozilgan xat:

    "Salom, birodar!

    Senga qamoqxonaning sovuq va zax havosidan salomlar keltirdim. Hoynahoy, u yerlarni hali biron marta ham ko‘rmagan bo‘lsang kerak. Lekin kimdir sen tufayli o‘sha yerda yashashga, mahkumlikdan azob chekishga majburligini unutib qo‘ymadingmi o‘zi?! Bir paytlar jon do‘stim deb qo‘ltig‘idan olgan do‘stingning oldiga borib qulog‘iga sen bilan do‘st bo‘lishdan qo‘rqishi kerakligini aytib keldim. Senga sabr tilab

                                                                                                            Kimdir"

    Butun tanamni titroq bosdi. Peshonamdan sovuq ter chiqa boshladi. Axir Zamir haqida hech kimga gapirmaganman-ku, bu kimsa qayoqdan bildi?! Oyoqlarim zir-zir titrar, nafas olishim tezlashib, yurak urishim o‘zimga ham eshitila boshladi.

    " Bu odam kim o‘zi? Nega menga bunaqa xatlar yozyapti? Hech kim bilmagan sirlarni qayoqdan biladi u? Asl maqsadi nima?"

    Ming xil savollar miyamda charx ura boshladi. Nima qilishni bilmay qoldim. "Yoki militsiyadanmikin?" Bu fikr xayolimga kelishi bilan inkori ham yarq etib chiqdi.

    "Yo‘q, militsiya bunaqa maydalashib o‘tirmaydi. Menga qarshi birorta dalil bo‘lsa bo‘ldi, shartta olib ketadi...shoshma, men nimalar deyapman o‘zi?! Yo‘q, meni hech qanaqa militsiya qamayolmaydi. Xo‘sh, endi nima qilish kerak? Miyamda birinchi navbatda bu xatni yozgan odamni topish fikri paydo bo‘ldi. Ammo xatning manzilsiz ekani yo‘limni to‘sib turardi. Bunaqa manzili yo‘q nomalarni pochta qabul qilmaydi. Demak, noma’lum xat pochta orqali yetkazilmagan. Qorovulning oldiga chiqdim. Ikkalamiz kamera yozuvlarini birma-bir ko‘rib chiqdik. Ammo kechadan beri bo‘limga begona odam kirmagan bo‘lib chiqdi. Mening stolimga ham hech kim yaqinlashmagan edi. Qo‘shni hamkasblarimdan so‘rab ham tayinli javob ololmadim. Ularga xat qanaqa ekanligini ko‘rsatganim yo‘g‘u, lekin shaxsiyatimga aloqador deb qo‘ya qoldim. Bir hamkasbim menga IIB ga borib, xatda qolgan barmoq izi orqali kim yozganini aniqlash mumkin, deb qoldi. Uning amakvachchasi IIB xodimi edi. U "amakivachcha" bilan gaplashib berib, xatni olib, unga uchrashim kerakligini aytdi. Bordim. Faqat stolim ustiga tashlab ketilgan xatni emas, uyimga kelgan birinchi xatni olib bordim. Qog‘ozni ekspertizaga olishdi. Unchalik uzoq davom etmagan tekshiruvlardan keyin "amakivachcha" meni xonasiga boshlab kirdi. Vaziyatni tushuntirdim. Xotirjam ammo hayratlangan kishining qiyofasida uyimga tashlab ketilgan noma’lum maktub voqeasini aytib berdim. U vaziyatni "jiddiy" deb topmadi, shekilli, meni loqayd alfozda tingladi.

    — Xullas, sizga xatni kim yozgani kerak, shundaymi?

    — Ha.

    — Lekin, uni qaysidir tanishingiz hazillashib yoki sizni sinash uchun yozgan bo‘lishi ham mumkin-ku, to‘g‘rimi? Balki o‘sha xat umuman sizga tegishli emasdir, adashib kelib qolgandir uyingizga.

    — Balkim...-dedim yelkamni qisib.

    — Biz-ku tekshir-tekshirdan qochmaymiz, lekin bu masalani unchalik jiddiy deb o‘ylamayman. Vaqti kelsa oydinlashadi kim yozgani ham, nega yozgani ham.

    — To‘g‘ri, lekin barmoq izlari...

    — Barmoq izlarini tekshirdik. Qog‘ozda sizning barmoq izlaringizdan boshqa begona iz chiqmadi.

    IIB idorasidan bo‘shashib chiqdim. Ishxonaga umuman oyog‘im tortmasdi. To‘g‘ri uyga qaytdim. Boshim g‘uvillardi. Dori ichib, joyimga yotdim. Uxlashga harakat qilsam ham, tahlikali o‘ylar atrofimda aylanib uxlashimga qo‘ymasdi.

    "Zamir...u bilan bo‘lgan ishni hech kim bilmasdiku. Bu sirni go‘rimga olib ketaman deb yurardim. Demak, mendan boshqa yana kimdir bilar ekan-da?! U kim bo‘lishi mumkin? Yoki Zamirning o‘zi odam yollab, meni aybimga iqror qilmoqchi bo‘lyaptimikin? Agar shunday bo‘lsa chuchvarani xom sanabdi. Men hech qachon bunday qilmayman. Meni qamash hech kimning qo‘lidan kelmaydi. Qani, menga qarshi biror dalil topib ko‘rishsin-chi?! "

    Institutni bitirgan yilim bir mas’uliyati cheklangan jamiyatda bosh hisobchi yordamchisi bo‘lib ishga kirdim. Bosh hisobchining yoshi mendan ancha katta, ikki-uch yilda nafaqaga ketadigan edi. Ikki yilcha shu kishiga yordamchilik qilib, kasbning sir-asrorlarini o‘rganib oldim. Bosh hisobchi nafaqaga ketdi-yu namunali xodim bo‘lganim uchun o‘rniga meni qo‘yishdi. Risoladagidek ishlay boshladim.

(davomi bor...)

Iroda Bekmuradova,

Samarqand davlat universiteti

Filologiya fakulteti talabasi