Samarqand davlat universiteti inson resurslarini boshqarish fakulteti magistranti Mohigul Majidova “Raqamli iqtisodiyot sharoitida axborot xavfsizligining kriptografik jihatdan himoyalanishining turli xil usullari va ahamiyati” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Mazkur yo‘nalishda 10 ga yaqin maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan. Ilmiy rahbari iqtisod fanlari nomzodi Ziyovuddin Bakayev.

    – Oliy ta’limda o‘quv jarayonini tashkil etishda innovatsion texnologiyalarning roli kun sayin ortib bormoqda, - deydi Mohigul Majidova. - Masofaviy texnologiyalardan foydalanish zamonaviy ta’limning imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Bugungi kunda Yer kurrasining istalgan joyidan turib, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatidan foydalangan holda ta’lim olish mumkin. Zero an’anaviy ta’lim o‘z mavqeini saqlab tursa ham, keyingi paytlarda masofaviy o‘qitish texnologiyalari kundan-kun ommaviylashib bormoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda yangi jahon axborot-ta’lim muhitiga integrallashishga yo‘naltirilgan ta’lim tizimi barpo etilmoqda. Bu ta’lim jarayonini tashkil etishda zamonaviy texnik imkoniyatlarga javob beradigan sezilarli o‘zgarishlar bilan kuzatilmoqda. Zamonaviy axborot texnologiyalarining ta’lim sohasiga kirib kelishi ta’lim usullari va o‘qitish jarayonini yangicha yondashuv asosida tashkil etish shakllarini sifatli ravishda qulaylashtirib, o‘zgartirish imkonini bermoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ta’lim tizimini modernizatsiyalashtirish jarayonining eng muhim qismidir.

    Tadqiqotchi mazkur mavzu bo‘yicha AQSh, Rossiya kabi davlatlarda o‘tkazilgan konferensiyalarda qatnashgan. Respublika miqyosida tashkil etilgan “Bir million dasturchi” tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etib, 1-darajali diplom bilan taqdirlangan. 2021-yil noyabr oyida  Janubiy Koreya va O’zbekiston hamkorligi doirasida tashkil etilgan xalqaro “Entry” dasturi bo‘yicha tanlovda g‘olib bo‘lib, Koreyada malaka oshirish uchun ajratilgan 3 ta grantdan birini yutib olgan. Iyul oyida respublikaning bir qator iqtidorli  yoshlari bilan birgalikda Janubiy Koreyaga malaka oshirishga yuborilishi rejalashtirilgan.

    Mohigul ilmiy faoliyat bilan bir qatorda, Oqdaryo tumanidagi 47- ixtisoslashtirilgan davlat maktabida informatika fanidan dars beradi. Joriy yilning yanvar oyida tuman xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan.

 

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.