️Samarqand davlat universitetining intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakulteti dasturiy injinering kafedrasi professori Christo Ananth xorijlik olimlar bilan hamkorlikda “Sun’iy intellektga asoslangan adaptiv shovqinni kamaytirish tizimi”ni yaratgani uchun Germaniyaning ixtiro patentiga ega bo‘ldi.

    Mazkur ixtiro sun’iy intellekt boshqaruvidagi adaptiv tizim bo‘lib, u turli muhandislik ilovalarida real vaqtda shovqin aralashuvini kamaytirishga mo‘ljallangan. Tizim mashinani o‘rganishning ilg‘or algoritmlari – chuqur neyron tarmoqlari va mustahkamlashga asoslangan o‘rganish texnologiyalaridan foydalangan holda ishlaydi. U shovqin manbalarini doimiy kuzatib boradi va signal sifatini optimallashtirish uchun parametrlarini avtomatik ravishda moslashtiradi.

    Mazkur innovatsion yechim telekommunikatsiya, sensor tarmoqlari va sanoat avtomatizatsiyasi kabi sohalarda samarali qo‘llanilishi mumkin. Tizim bir nechta shovqin manbalariga qarshi yuqori bardoshlilikni namoyish etib, signallarni qayta ishlash hamda aloqa sifatini sezilarli darajada yaxshilaydi.

    Bu texnologiya muhandislik tizimlariga tashqi shovqin va boshqa noxush omillarning ta’sirini kamaytirib, aniq va barqaror aloqa ta’minlash imkonini beradi.