Samarqand davlat universitetida fakultetlararo rus tili kafedrasi mudiri, dotsent Salixa Usmonovaning tavalludi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Mazkur yubiley anjumanida SamDU professor-o‘qituvchilari, olimning yaqinlari, oila a’zolari va ko‘plab mehmonlar ishtirok etdi.

Tadbirni SamDU filologiya fakulteti dekani, professor Jo‘liboy Eltazarov kirish so’zi bilan ochib, olimaning filologiya sohasidagi beqiyos xizmatlari va ilmiy yutuqlari haqida yuksak fikrlarini bildirdi.

Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan mehmonlar samimiy tilaklarini bildirib, Salixa Usmonova bilan bog‘liq xotiralarni yodga oldilar. Yillar davomida olima o‘zining ilmiy va pedagogik faoliyati bilan universitet taraqqiyotiga katta hissa qo‘shib kelmoqda.

46 yillik fidokorona faoliyat davomida xalqaro va respublika miqyosida 60 dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilgan, 1 darslik, 8 uslubiy qo‘llanma hamda 5 o‘quv qo‘llanma muallifi sifatida tilshunoslik rivojiga o‘zining ulkan hissasini qo‘shgan. Shuningdek, bir qator magistrantlarga ilmiy rahbarlik qilgan.

Salixa Usmonova nafaqat yuksak saviyali pedagog, balki jamoat ishlarida ham faol, fidoyi va g‘ayratli inson sifatida barchaga o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Fidokorona mehnatlari xalqimiz va yosh avlod uchun bebaho xazinadir.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.