“Olima ayolning kuni - ish va oilaniki, tuni – ilmniki…” U o‘zi uchun qachon yashaydi?

83 yoshni qarshilayotgan olima, fizika-matematika fanlari nomzodi Guljahon Ahmedova bilan suhbat
Samarqand davlat universiteti yadro fizikasi va astronomiya kafedrasi dotsenti Guljahon Ahmedova universitetning faxriy olimalaridan. Yadro fizikasi mutaxassisligi bo‘yicha fizika-matematika fanlari nomzodi. 60 yildan beri talabalarga fizika fanining sir-asrorlarini o‘rgatib keladi. Olimaning ilmiy-pedagogik faoliyati ko‘p qirrali. Yadro fizikasi sohasida 10 dan ortiq darslik va o‘quv qo‘llanmalar, 200 ga yaqin maqolalar muallifi. Guljahon Ahmedova muallifligida yaratilgan “Atom fizikasi” o‘quv qo‘llanmasi “Yilning eng yaxshi darslik va o‘quv adabiyoti muallifi” respublika tanlovida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan. “Mehnat faxriysi”, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 15 yil”, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 30 yil” esdalik nishonlari sohibasi. Olimaning uzoq yillar davomida atom va yadro fizikasi asoslarini o‘rganish yuzasidan olib borgan tadqiqot natijalari hali hanuz fizik olimlar orasida e’tirof etib kelinmoqda.
- Nima uchun ilm-fan yo‘lini tanlagansiz?
- Maktabda fizika faniga juda qiziqardim. Faqat a’lo baholarga o‘qiganman. Fizika o‘qituvchimiz fanga bo‘lgan qiziqishimni ko‘rib, “Sen fizik bo‘lasan” deb qo‘limdan yetaklab, Samarqand davlat universitetining fizika fakultetiga olib kelgan. Omadim bor ekan, birinchi urinishdayoq, talaba bo‘ldim. Universitetda o‘qish davomida fizika sir-asrorlarini o‘rganib borar ekanman, bu sohani kelgusida ham davom ettirish istagi paydo bo‘ldi. O‘qishni tugatib, yadro fizikasi kafedrasiga assistent bo‘lib ishga kirdim. Asta-sekinlik bilan ilmiy tadqiqotlarimni boshlab, “Atrof-muhit namunalarining radioaktivligini yarim o‘tkazgichli gamma-spektrometrik usulda tekshirish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyamni himoya qildim. Radioaktiv elementlar tabiiy ravishda tuproq tarkibida uchraydi. Tuproqdan unda o‘sayotgan o‘simliklar tarkibiga o‘tadi. Inson tabiiy mahsulotlarni iste’mol qilganda ular organizmga tushadi. Agar bu moddalar me’yordagi miqdorda bo‘lsa zararsiz, ammo belgilangan me’yordan ortiq miqdorda organizmga kiradigan bo‘lsa bo‘lsa, hayot uchun xavfli bo‘lgan kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Tadqiqotim turli o‘simlik va moddalarning radioaktivlik darajasini o‘rganish masalalariga qaratilgan.
- Ayol kishiga hayotda o‘z o‘rnini topa olishi uchun kerak bo‘lgan uchta asosiy omil?
- Avvalo sabr kerak. Ikkinchi o‘rinda mas’uliyat. Har qanday ishga nisbatan mas’uliyat bilan yondashish muhim. Uchinchisi - mehnat.
-Ayol kishiga taniqli bo‘lish qay darajada kerak?
-Taniqli bo‘lish nisbiy tushuncha. Men hech qachon mashhur bo‘lishga harakat qilmaganman. Bunga vaqtim ham bo‘lmagan. Bo‘sh vaqtim topdim deguncha, oilam va farzandlarim davrasida bo‘lishga harakat qilardim. Hamma farzandimni universitetga kirish uchun o‘zim tayyorlaganman. Hozirda ular jamiyatning turli sohalarida faoliyat yuritishyapti.
- Armoningiz bormi?
- Bugun shunday tinch-osuda zamonda, farzandlarim, nevara va evaralarim ardog‘ida umrguzaronlik qilib kelyapman. 13 nevara va 30 ga yaqin evaralarning buvisiman. Allohga shukr, ularning hammasi hayotda o‘z o‘rnini topgan. Sevimli ishim bor. Talabalarim, shogirdlarimning “ustoz” degan har bir so‘zidagi mehr va hurmat hayotdan mamnun yashashimga yo‘l ochadi. Menda yana qanday armon bo‘lishi mumkin?!
- Umringiz davomida o‘z oldingizga qo‘ygan barcha orzu va maqsadlarga to‘la-to‘kis erisha oldingizmi?
- Bir inson ilm orqali nimalarga erishishi mumkin bo‘lsa, deyarli barchasiga erisha oldim deb o‘ylayman.
- Ilm-fan yo‘lidan ketish umidida bo‘lgan xotin-qizlarga, yosh ayol tadqiqotchilarga qanday maslahat va tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?
- Olima ayolning kuni - ishi va oilasiniki, tuni – ilmniki. Ilm yo‘lini tanlagan ayol mana shu haqiqatni tan olishi lozim. To‘y-bazm, gap-gashtak, umuman dunyoviy ishlardan narida yashashi kerak. Oila bu alohida masala. Men kunimni ishim va oilam uchun bag‘ishlayman. Tunim kitob bilan o‘tadi. Ilm bilan mashg‘ul bo‘laman. Boshqa ishlarga tabiiy ravishda vaqt yo‘q. To‘g‘ri, bu oson emas. Farzandlarim yoshligida biroz qiynalganman. Kunduzi ish, uy yumushlari bilan band bo‘lib, yarim tunda dars qilishga o‘tirardim. U paytlar hamma darsliklar ruscha edi. Berilgan mavzuni avval o‘zbekchaga tarjima qilib, talabalarga tushuntirib berish uchun tayyor bo‘lguncha, qanday qilib tong otganini sezmay qolardim. Shu bilan yangi kun boshlanardi. Bu darajaga yetib kelgunimcha qanchadan-qancha tunlarim ana shunday bedor o‘tgan.
Ilm olishga hech qachon erinmaslik kerak. Ayniqsa, fizika fani alohida jonkuyarlikni talab qiladi. Shu sababli, bu yo‘ldagi xotin-qizlarga birinchi o‘rinda sabr-matonat, hafsala va mas’uliyat kerak bo‘ladi.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.