Germaniyaning Mittelhessen amaliy fanlar universiteti professori, fizika-matematika fanlari doktori Klaus Behler mazkur kafedraning tashkil etilishi yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

    - Samarqand... Bugun ushbu shaharga ilk marta tashrif buyurdim. Men Samarqand haqida maktab vaqtimda tarix fanidan xabar topganman va bu hozirgacha xotiramda saqlanib qolgan. Samarqandning ilm-ma’rifat markazi bo‘lganligini ko‘p bora eshitganman. Albatta, har bir shaharning madaniyat markaziga aylanishida o‘sha shaharda joylashgan oliy ta’lim muassasasi va boshqa ta’lim dargohlarining o‘rni katta. Samarqandning ham mana shunday dovrug‘ qozonishida o‘z vaqtida Mirzo Ulug‘bek madrasasi muhim rol o‘ynagan bo‘lsa, hozirgi kunda bu vazifani Samarqand davlat universiteti bajarmoqda.

    O‘zim lazer texnologiyalari bo‘yicha mutaxassisman. Biz DAAD tashkiloti granti loyihasi doirasida universitetingiz bilan hamkorlikda Amaliy fizika qo‘shma kafedrasini tashkil etmoqchimiz. Bugungi tashrifimizda kafedra ochish uchun dastlabki imkoniyatlarni o‘rganib chiqish, fizika fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashib, ular bilan fikr almashishni o‘z oldimizga maqsad qilib olganmiz.

    Ushbu kafedra fizika sohasida joriy qilinayotgan eng so‘nggi yangiliklarni tezkorlik bilan amaliyotga joriy qilishi bilan ajralib turadi. Germaniyalik va O‘zbekistonlik olimlarning hamkorlik va hamjihatlikda bunday loyihaga qo‘l urishi quvonarli, albatta.

     Biz Samarqand davlat universiteti bilan ko‘p loyihalarni amalga oshirishni reja qilganmiz. Xususan, kafedra tashkil etilgandan so‘ng, o‘z-o‘zidan talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuv dasturi faoliyatini boshlaydi. Bu universitetlarimiz o‘rtasidagi ikki taraflama aloqalarni yanada kuchaytirishga, do‘stona munosabatlarning shakllanishiga xizmat qiladi, degan umiddaman.

 

Otabek Sa’dullayev,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.