Samarqand davlat universiteti bitiruvchisi, Xitoy Fanlar Akademiyasi Kimyo instituti doktoranti Firdavs Tursunov shu xususda o‘z fikr mulohazalarini bildirdi.

    - Samarqand davlat universiteti kimyo fakultetida magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tugatganimdan so‘ng, 2017-yil Xitoy Fanlar Akademiyasi Kimyo institutida doktorantura bosqichida tahsil olish uchun grant sovrindori bo‘ldim.

    “Musofir bo‘lmaguncha, musulmon bo‘lmaysan” deb bejiz aytishmagan ekan. Chet elda o‘qish biz o‘tirib tasavvur qiladigan darajada oson emas. Oiladan, vatandan uzoqda yashab, ilm olishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor.

    Xitoy talabalarining 90 foizi o‘qishga jiddiy yondashadi. Chunki ularda imtihon topshirish qiyin. Agar siz imtihondan yiqilsangiz, hech qanday tanish bilishchilik va “tanka” o‘tmaydi. Kursdan kursga qoldirilasiz yoki haydalasiz…

    Talabalar ko’proq bilim olish maqsadida kunning asosiy qismini universitetda, xususan kutubxonada ko‘proq vaqt o‘tkazadi.

    Talabalarning katta miqdori chet tilini bilgani sabab ko’plab ilmiy ishlarda yuqori impakt faktorli jurnallarini o’qib ulardan olingan ma’lumotlarga asoslanib ilmiy ish qilishadi. Men hozirgacha faqatgina xitoy tili bilangina cheklanib qolgan yoshlarni uchratmadim. Yana bir yaxshi tomoni ular internetdan juda ham unumli foydalanishadi.

    Hozirgi kunda dunyoda ilmiy ishlardan tortib, ishlab chiqarishgacha  Xitoy peshqadamlik qilayotgani hech kimga sir emas. Bunga eng muhim sabablardan biri ularning ilmiy laboratoriyalarida moddiy-texnik bazaning to‘liq ta’minlanganligida deb o‘ylayman. Ilmiy ish qilmoqchi bo’lgan kimyo yo’nalishidagi tadqiqotchi laboratoriyada reaktivlar yoki namunalarni analiz qilish uchun kerakli instrumentlar hech qachon muammo tug’dirmaydi.

    Xuddi shunday sharoitlarga ega bo’lgan oliy ta’lim muassasalaridan biri bu men grant g’olibi bo’lgan Xitoy Fanlar Akademiyasi Kimyo institutidir. U yerda XXI asrning fan yutuqlaridan biri bo’lgan nanokimyo yo’nalishida “TiO2 nanozarrachalarini sintez qilish va sintez qilingan nanozarrachalarni hosil bo’lish mexanizmi o’rganish’’ mavzusida ilmiy ish olib bormoqdaman. Nanozarracha bu - o’lchami 100 nm dan kichik bo’lgan zarracha. TiO2 kimyo sanoatida, tibbiyotda antibakterial qoplamalarda va xalq xo’jaligining turli sohlarida keng qo’llaniladi.          Afsuski 2019-yil pandemiya sabab barcha talabalar Xitoydan o’z davlatlariga qaytishdi. Shular jumlasidan, men ham. Shunday bo’lsa-da Xitoylik professorlar bilan aloqani uzmagan holda onlayn doimiy muloqotda bo’lib, himoyaga tayyorlanyapman. Hozirda SamDU kimyo fakultetida o‘z faoliyatimni davom ettirib kelmoqdaman. Xitoyda olingan tajribalar va bilimlarimni talabalar bilan bo’lishmoqdaman. Yo’llar ochilgandan so’ng, yana Xitoyga yoki boshqa davlatlarga borib yanada ko’proq izlanishlar qilish niyatim  bor…

 

Otabek Sa’dullayev,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan surat.