Samarqand davlat universitetida “Akademik va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi

Samarqand davlat universiteti matematika fakultetida Oʻzbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi, fizika-matematika fanlari doktori Shavkat Ayupov ishtirokida “Akademik va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand davlat universiteti matematika fakulteti talabalari hamda SamDU qoshidagi akademik litsey o‘quvchilari qatnashdi. Tinglovchilar akademikning ilm-fan sohasida bosib o‘tgan yo‘li, erishgan muvaffaqiyatlari haqida olimning o‘zidan yetarlicha ma’lumot oldilar.
– Samarqand matematika maktabi respublikamizning eng taniqli va oldi maktablaridandir, - deydi Shavkat Ayupov, - Bu yerda nafaqat yurtimiz, balki butun dunyo bo‘ylab muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Masalan, differensial tenglamalar, matematik fizika kabi sohalar shular jumlasidan. Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Matematika instituti qariyb 30 yildan buyon Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlik qilib keladi. Ikki yil avval SamDU qoshida Matematika institutining yangi bo‘linmasi ochildi. Universitet matematik olimlari va O‘zRFA ilmiy xodimlari birgalikda ko‘plab tadqiqotlarni amalga oshirib kelmoqda. Bu kabi ishlar ilm dargohlarining do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim hisoblanadi.
Shuningdek, talabalar bilan olib borilgan savol-javob va munozaralar tinglovchilar uchun o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri akademikdan javob olish imkonini yaratdi.
– Bugungi uchrashuv men uchun taassurotlarga boy bo‘ldi, - deydi matematika fakulteti talabasi Sirojiddin Boboqulov. - Taniqli akademikdan juda ko‘p foydali narsalarni o‘rgandim. U kishining matematika ilmiga qo‘shgan hissasi nihoyatda katta. Uchrashuv davomida akademikning matematika va texnika sohalarini birlashtirish borasidagi fikrlari menda juda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsam matematikaning nazariy va tatbiqiy yo‘nalishlarida o‘rganilishi kerak bo‘lgan masalalar haqidagi takliflari ilmiy tadqiqot qilmoqchi bo‘lgan biz kabi talabalar uchun nihoyatda foydali bo‘ldi.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.