Olim sifatida aytishim mumkinki, ancha yillar avval boshlangan, lekin ma’lum sabablarga ko‘ra to‘xtab qolgan ikki mamlakatning ilm-fan sohasidagi hamkorligi bugun yana qayta tiklanmoqda. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda tahsil olgan odamlar Tojikistonda, Tojikistonda o‘qigan insonlar O‘zbekistonda ishlaydigan kadrlar almashinuvi tizimi mavjud bo‘lgan. Xususan, Samarqand davlat universitetining to‘rt nafar bitiruvchisi: Sulton Umarov, Muhammad Osimiy, Akobir Adhamov, Isroil Ismoilovlar Tojikiston Fanlar Akademiyasining akademigi bo‘lgan. Sulton Umarov va Muhammad Osimiy Tojikiston FA prezidenti lavozimida uzoq yillar davomida faoliyat olib borganiga tarix guvoh. Bu jarayonlar professor-o‘qituvchilarning ilmiy tadqiqotlari, o‘zaro turizm va boshqa ko‘rinishlarda davom etgan.

    Biroq 90-yillardan so‘ng  chorak asr davomida mamlakatlarimizning ilmiy aloqalari ma’lum darajada susaydi. Ayniqsa, aniq fanlar sohasidagi hamkorlik umuman to‘xtab qoldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini tiklash yo‘lidagi sa’y-harakatlari tufayli bugun biz ushbu aloqalarni qayta o‘rnatmoqdamiz.

    Yaqinda Tojikistonning Dushanbe shahrida o‘tkazilgan Moskva davlat universiteti Dushanbe filialining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Matematika va informatika fanlarining zamonaviy muammolari” mavzusidagi XII xalqaro konferensiya buning yaqqol isboti bo‘la oladi.

    Mazkur konferensiyaga Samarqand davlat universitetidan olimlar taklif etilib, biz ham ushbu anjumanda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Unda dunyoning turli mintaqalaridan 308 nafar delegat ishtirok etdi.

    Anjumanda “Noyob tuproq alyuminoboratlarining magnit xossalari” mavzusidagi ma’ruza bilan qatnashdim. So‘zim avvalida, yurtimizda olimlarga berilayotgan e’tibor, ularga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va yaratilayotgan yangi imkoniyatlar haqida ma’lumot berib,  universitetimizning bugun o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari haqida to‘xtalib o‘tdim. Rektorimiz, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodovning tashabbusi bilan SamDU ning o‘tmishi qayta o‘rganilayotgani, universitetimiz 600 yillik tarixga ega ekanligi to‘g‘risida aytganimda, ular bu fikrni qo‘llab-quvvatlab, Samarqandning qadimiy ilm-ma’rifat va ma’naviyat markazi ekanligini e’tirof etishdi.

    Shuningdek, konferensiya davomida Akademik Muhammad Osimiy nomidagi Tojikiston davlat texnika universiteti rahbariyati Samarqand davlat universitetining fizika fakultetiga qiziqish bildirib, universitetimiz bilan hamkorlik qilish istagi yuqori ekanligini ta’kidladi.

    Moskva davlat universiteti geologiya kafedrasi professori Natalya Artamonova, Xitoy geologiya universiteti professor-o‘qituvchilari Chjou Bichen, Xu Szyabolar bilan neft va gaz foydali qazilmalarini axtarishning fizikaviy jihatlarini muhokama qildik. Bu ikki taraf uchun ham manfaatli bo‘ldi deb o‘ylayman.

    Anjumanda qatnashchilar Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Samarqand davlat universiteti magnitizm maktabi haqida bildirgan fikrlari meni yanada xushnud qildi. O‘tgan davr mobaynida mazkur maktab 20 dan ortiq fan doktorlari, nomzodlari tayyorladi. Ko‘plab xalqaro konferensiyalarda munosib ishtirok etish bilan bir qatorda, 5 ga yaqin xalqaro konferensiyalarga mezbonlik qildi.

    Biz barchamiz e’tiqodi yakdil, qon-qarindosh xalqmiz. O‘tgan davr mobaynida ne-ne mashaqqatlarni boshimizdan o‘tkazdik, birgalikda turli to‘siqlarni yengib o‘tdik. Hattoki, qarindoshimizni ko‘rgani o‘ta olmaydigan vaqtlarimiz bo‘ldi. Lekin mana bugun tinch-totuv, xotirjamlikda, bir kun Samarqandda, bir kun Dushanbeda bo‘lib, qarindosh va do‘stlarimiz orasida hayot kechirmoqdamiz.

    O‘ylaymanki, mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha sohalarda olib borilayotgan hamkorlik aloqalari qatorida ilm-fanning integratsiyalashuvi ikki yurt oliy ta’limini rivojlantirishga munosib hissasini qo‘shib, o‘z samarasini ko‘rsatadi.

Obloqul Quvondiqov,

Samarqand davlat universiteti professori,

fizika-matematika fanlari doktori.