- “Ayollar muammosi” o’zi nima?

    - 68% maktab qizlarining kasb tanlashda mustaqillik darajasi pastligi nimani anglatadi?

    XX - XXI asrlarda jamiyatning dolzarb muammolaridan biri sifatida gender tenglik masalalarini qayta ko'rib chiqish va uni amaliy o'zgartirish masalalari katta o’rin egallagan.  Ushbu o'zgarishlarning asosiy yo'nalishi ayollarning mehnat va ijtimoiy faoliyatning turli sohalarida tutgan o'rni va roliga yangicha qarashda, har ikkala jins vakillarining motivlari, manfaatlari, pozitsiyalari va faoliyatining uyg'unligi g'oyasidadir.

    O‘zbekistonda so‘nggi  yillarda gender tengsizligini bartaraf etish bo‘yicha ishlar faollashdi. Gender siyosati muammolari, gender tadqiqotlari, ayniqsa, “Ayollar muammosi” bilan bogʻliq masalalar rasmiy darajada davlat siyosatining ustuvor masalalari qatoriga kiritilgan. Xotin-qizlarning mavqeyini oshirish, ayniqsa, ularning huquqlarini qonuniy hujjatlari orqali himoya qilish va kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

    Zamonaviy o'smirlarning kasb tanlash muammosini tahlil qilish shuni ko'rsatadiki, maktab bitiruvchilari gender xususiyatlarini hisobga olgan holda keyingi kasbiy yo'nalishlarni belgilash va rejalashtirishda kattalarning yordamiga muhtoj.  Bu kabi holatda mahalla, oila va ta’lim muassasining hamkorligi yetakchi o’rinni egallaydi.

    Sandra Bemning "Erkaklik, ayollik va shaxsning gender turi" usuli, J. Gollandning shaxsiyatning professional turini aniqlash uchun o'zgartirilgan usuli, E. A. Klimov tomonidan differensial diagnostika so'rovnomasi asosida olingan tadqiqot natijalari shuni ko’rsatadiki, bugungi kunda maktab o‘quvchilarining aniq kasbiy rejasi yo‘q, ularning aksariyati (68%) kasb tanlashda mustaqillik darajasi pastligini ko‘rsatmoqda.

    Natijalarga ko’ra, yigitlar orasida mehnatni kasbiy taqsimlash masalalarida gender stereotiplariga amal qilish darajasi 70,8 foizni tashkil etadi. Qizlar mehnat taqsimoti bo'yicha ko'proq liberal g'oyalarga ega: ular 42,3 foiz kasblarni "erkak" va "ayol" ga taqsimlashdagi stereotiplarni hozirda ahamiyatsiz deb hisoblaydi. Tadqiqot jarayonida gender xususiyatlar asosida o’quvchilarning  kasb tanlashdagi afzalliklari aniqlanib olinmoqda.

    Gender ijtimoiylashuv maktab o'quvchilarining rivojlanishi va moslashuvi jarayonining muhim tarkibiy qismi bo'lib, shaxsiy va kasbiy sohalarda o'zini o'zi belgilashga yordam beradi.

    O'smirlarning gender ijtimoiylashuvini hisobga olish bolaning kasb tanlash istiqbollarini amalga oshirish ichki tayyorlikni shakllantirishga yordam beradi. Bunda gender yondashuv asosida o‘quvchi-yoshlarni kasbiy yo‘naltirishga qaratilgan intensivlashgan didaktik ta’minotlarni ta’lim jarayonida tadbiq qilish bilan izohlash mumkin. Bunda yoshlarni, asosan, kichikligidan boshlab kitobga oshno qilish, o’z fikrini erkin bayon qila olish imkoniyatini berish hamda ularni tinglash muhim ahamiyat kasb etadi.

      Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, yoshlarni qo’llab-quvvatlash va ularda paydo bo’layotgan yangi fikr va g’oyalarni qo’llab-quvvatlash ularda o’ziga bo’lgan ishonchni yanada ortishiga xizmat qiladi.

 

Shohsanam Barotova,

Samarqand davlat universiteti doktoranti.