Bug‘doy yetishtirish: ko‘rsatkich va tahlil

Qishloq xo‘jaligida bug‘doy eng muhim oziq-ovqat ekinlari hisoblanadi. Dunyo aholisi ozuqa ratsionining asosiy qismini don va don mahsulotlari tashkil etadi. Ayniqsa, o‘zbek xalqi nonni ko‘p iste’mol qiladi, shu jihatdan bug‘doy donining hayotimizdagi o‘rni nihoyatda katta. Jahon ekin maydonlarining 14% ni don ekin maydonlari egallaydi. Oziq-ovqat savdosida don mahsulotlari 50% ni tashkil qiladi. Shunga ko‘ra jahon bozorida bug‘doy mahsulotiga talab katta.
Shu sababli bug‘doyni tez fursatda yetishtirib, ko‘p hosil olish, bug‘doy unining sifatini oshirish bo‘yicha tadqiqotlar olib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti magistri O‘g‘iloy Xidirova “Mahalliy yumshoq bug‘doy navlarining kleykovina bo‘yicha polimorfizmi” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Ilmiy rahbari genetika va biotexnologiya kafedrasi professori Ibragim Jabborov.
– Dunyo bo‘yicha bug‘doy yetishtirish yiliga 760 million tonnani tashkil etadi, - deydi O‘g‘iloy Xidirova. - 2030-yilga kelib bu ko‘rsatkich 850 million tonnaga oshirish kutilmoqda. Shu munosabat bilan butun dunyoda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini oshirishga qaratilgan seleksiya yo‘nalishlari keng tarqalmoqda. Buning uchun ko‘p tadqiqotlar jahonda ham, yurtimizda ham, tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda, dehqonchilikning moslashuvchan tizimini ishlab chiqish va joriy etish asosidagina bug‘doy donining sifati sezilarli darajada oshishiga erishish mumkin. Shu bois, hosildor, yuqori don sifat ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan, stressli ekologik sharoitlarga chidamli navlarni yaratish uchun boshlang‘ich shakllarini o‘rganish, genetik manbalarni ajratish va chatishtirish dasturlarida yangi istiqbolli bug‘doy navlarini yaratish dolzarb muammo hisoblanadi. Bug‘doy qattiq va yumshoq turlarga bo‘linadi. Yumshoq bug‘doylardan, asosan, non tayyorlanadi. Qattiq bug‘doylar makaron, konditer sanoatida foydalaniladi. Uning unidan tayyorlangan xamir zich, elastikligi past, egiluvchanligi yuqori, cho‘ziluvchanligi kam bo‘ladi, kleykovina hosil qilmaydi. Bug‘doy don sifatini yaxshilash muammosi bozor iqtisodiyoti sharoitida muhim ahamiyatga ega. Kuchli bug‘doy donlaridan sifatli non mahsulotlari olish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lib, donning sarflanishini kamaytiradi.
Odatda, bug‘doy doni oqsili protoidlar va protoinlar shaklida bо‘lib, sifatli non va non mahsulotlari tayyorlashda katta rol о‘ynaydi. Bug‘doy doni sifatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri uning tarkibidagi oqsil va kleykovinadir. Sifatli non tayyorlashda xamir cho‘ziluvchanligini belgilovchi biokimyoviy birikma kleykovina hisoblanadi. Bug‘doy donining kimyoviy tarkibi juda o‘zgaruvchan. Uning tarkibidagi oqsil, kleykovina, ma’danli moddalar, vitaminlar, pigmentlar va fermentlar iqlim, tuproq va solinadigan o‘g‘itlar, qo‘llaniladigan agrotexnikaga, navlariga bog‘liq holda o‘zgarib turadi. Dunyo standarti talablarida bug‘doy doni tarkibida oqsil miqdori 13,5 % dan kam bo‘lmasligi qayd etiladi. Bug‘doy doni tarkibidagi oqsil miqdori undan qanday maqsadlarda foydalanishni belgilaydi. Non yopish uchun don tarkibida 14—15 %, makaron mahsulotlari tayyorlashlari uchun 17—18 % oqsil bo‘lishi talab etiladi.
Odamlar uchun asosiy o‘simlik oqsili manbayi bug‘doy doni bo‘lib, u kundalik oziq-ovqat ratsionida oqsilga bo‘lgan ehtiyojning 50 % ini qondiradi. O‘zbekistonning lalmikor sharoitida o‘stirilgan bug‘doylar yuqori quyosh energiyasi va samarali harorat ta’sirida ko‘p va sifatli oqsil, kleykovina to‘playdi. Bug‘doy unining non yopishga yaroqlilik sifatlarini aniqlashda nonning hajmiga, g‘ovakligiga, yoyilib ketishiga ta’sir qiladigan kleykovinaning miqdori va sifati muhim ahamiyatga ega. Bug‘doy bir nechta vitaminlar, kraxmal, oqsillar va yog‘larning muvozanatini ta’minlaganligi sababli, u ajoyib ozuqa manbai hisoblanadi. Bug‘doy nonidagi oqsilning hazm bo‘lishi 95 foizni tashkil qiladi. Bug‘doy doni, somoni va poxoli yem-xashak sifatida chorva mollariga beriladi. Bug‘doyni yanchishdan chiqqan chiqindilar chorva mollari uchun yuqori sifatli ozuqa hisoblanadi. Texnikada bug‘doy donidan spirt, kraxmal, kleykovina, dekstrin, kley va boshqa har xil mahsulotlar olinadi.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.