Sersut echki zotlarini yaylovlarda boqish ularning zotdorligiga ta’sir qiladimi?

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasi dolzarb ahamiyat kasb etayotgan kunlarda qishloq xo‘jaligida sof ekologik va tabiiy mahsulotlar yetishtirish juda ham muhimdir. Xususan, yurtimizning bir qator viloyatlarida sut berishda yuqori darajadagi samaradorlikka ega bo‘lgan echki zotlarini aniqladik. Zaanen va oq rus echki zotlari hozirda O‘zbekistondagi zotdor sut beruvchi echki turi sifatida qayd etildi.
Olingan ma’lumotlar asosida, ushbu sut mahsulotlarini ko‘paytirish orqali mamlakat aholisining parhez va hayoti uchun zarur bo‘lgan barcha komponentlarni saqlovchi, havfsiz echki suti bilan ta’minlash muammosi qisman bo‘lsada o‘zining ijobiy yechimini topadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda mahsuldorlik yo‘nalishi bir xil, ammo yaratilish sharoiti har xil bo‘lgan zotlarning har biridan 10 boshdan tanlab olindi. Tanlangan echkilar yoshi, jinsi, tirik massasi va kelib chiqishi bo‘yicha bir xillikga (analog) ega bo‘lgan individlardan iborat bo‘ldi.
Qiyosiy tekshirishlar natijasida har ikkala zot uchun ham bir xil oziqlanish va saqlash sharoitlari yaratildi. Nasl olish uchun ajratilgan echkilar guruhining har ikkalasini boqishda deyarli barcha chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida qo‘llanilayotgan oziqlantirish tartibidan foydalanildi. Ma’lumki, hozirgacha bironta ilmiy yoki amaliy qo‘llanmalarda sutdor echkilarni oziqlantirish normalari yo‘q. MDH mamlakatlarida sut yo‘nalishdagi echkilarni oziqlantirishda momiq va jundor echkilarni oziqlantirish normalaridan foydalanib kelingan, hozir ham shu usuldan yofdalaniladi.
Ana shu normalarga asosan, sut yo‘nalishidagi turli fiziologik holatdagi ona echkilar uchun kuz va qish mavsumlarida 0,70 (ko‘payishning 1 davrida) dan 1,45 (ko‘payishning 2-yarmida) gacha energetik oziq birligi va 70 g dan 145 g gacha hazmlanuvchi protein talab qilinadi. Shunga mos holda, boshqa tuyimli moddalarga:- almashinuvchi energiya, quruq modda, makro va mikroelementlarga bo‘lgan ehtiyoji ham ortadi, ya’ni echkilar organizmining tuyimli moddalarga bo‘lgan ehtiyoji 2,0-2,5 martaga ortadi. Shu bois, biz ham fermer xo‘jaliklarida qo‘llanib kelayotgan oziqlantirish normasidan foydalandik. Echkilarni kun davomida dalada haydab boqish va kechqurun 0,4 kg somon va yantoq aralashmasi va 0,25 kg bo‘g‘doy kepagi bilan qo‘shimcha oziqlantirdik.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, zaanen zotli echkilarga nisbatan oq rus zotli echkilar yaylov oziqalaridan qiyoslanayotgan guruhlar orasida ma’lum miqdorda ortiq oziqalar iste’mol qilishi kuzatildi.
Kuz mavsumida tog‘ va cho‘l yaylovlarida haqiqatda iste’mol qilingan oziqalar bo‘yicha bu mavsumda echkilar 0,58 energetik oziqa birligi va 57,9 g hazmlanuvchi protein iste’mol qilishgan, ya’ni o‘zlarining to‘yimli moddalarga bo‘lgan ehtiyojini normaga nisbatan 84-87% gagina qoplashgan.
Qish mavsumida tirik massasi 30-35 kg bo‘lgan va bo‘g‘ozlikni birinchi yarmida ona echkilarning organizmini ehtiyojlarini qondirishi uchun 0,9-1,1 EOB va 105 g gacha HP iste’mol qilishlari talab etilgan bo‘lsa, haqiqatda iste’mol qilingan yaylov oziqalari bilan 0,18 EOB va 23,8 g HP qabul qilishgan. Aynan mana shu davr, bo‘g‘oz echkilar hayotidagi eng qiyin davr ekanligini ta’kidlashimiz zarur, chunki yaylov oziqalari bilan iste’mol qilingan oziqalarda 0,92 EOB va 81 g HP yetishmasligi aniqlandi.
Yuqorida keltirilganlar asosida shuni e’tirof etishimiz mumkinki, echkilar yil davomida(yoz mavsumi mustasno) qo‘shimcha oziqalarsiz yaylov oziqalari bilan oziqlantirilganida, o‘zlarining organizmini tuyimli moddalarga bo‘lgan talabini kuzda- 15% ga , qish mavsumida esa - 82% ga, bahorda- 53% ga qoplay olmaydilar.
Bundan tashqari iste’mol qilingan oziqalar tarkibidagi protein va yengil hazmlanuvchi uglevodlarning me’yordan kam bo‘lishi tufayli katta qorin massasidagi mikroorganizmlar miqdori kamayib ketadi. Bunga asosiy sabab, katta qorin suyuqligi muhitining kislotali tomonga og‘ishi va barcha turdagi mikroorganizmlar miqdorini kamayishiga olib keldi deb tushuntiramiz.
Mikroorganizmlar tomonidan amalga oshiriladigan mikrobiologik va biokimyoviy jarayonlar natijasida sintezlanadigan sutning tarkibini tashkil qiluvchi komponentlar ma’lum darajada qiyoslanayotgan echkilarning sutdorligi, kimyoviy tarkibi va ayrim sifatiy xususiyatlariga o‘zining ta’sirini ko‘rsatishi aniqlandi.
Birinchi laktatsiya davrida nazorat va 2-tajriba guruhlari echkilarini zaanen zotiga nisbatan yaxshiroq rivojlangiligini ko‘rsatuvchi farqlar, ularning keskin o‘zgaruvchan noqulay sharoitda yaratilganligidan dalolat beradi.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, sutning tarkibi va xususiyatlari hayvonning zoti, individual xususiyatlari, laktatsiya davri, yaylovdan iste’mol qilingan oziqalarning turi, miqdori va uning tarkibidagi to‘yimli moddalarning hazmlanishi, o‘zlashtirilishi hamda katta qorin mikroorganizmlari tomonidan amalga oshirilayotgan jarayonlar hisobiga sintezlanayotgan sutning komponentlariga mos holda sut mahsuldorligi, sifat ko‘rsatkichlarini ma’lum darajada o‘zgarishga uchrashi aniqlandi.
Siroj Haydarov,
Samarqand davlat universiteti doktoranti