Samarqand temir yo‘l transporti kasb-hunar kollejida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o’tkazildi. Unda “Ziyokorlar”, “Ziyolilar”, “Forobiy” mahalla faollari ishtirok etdi.

    Samarqand davlat universiteti raqamli texnologiyalar fakulteti dekani, dotsent Abdusattor Boboyorov bildirilayotgan takliflarni mahalla faollari bilan muhokama qildi.

    Qonun loyihasi muhokamasida har bir ziyoli faol ishtirok etishi zarurligi alohida ta’kidlanib, keyingi yillarda ta’lim, mahalla, tibbiyot tizimida yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar, Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati haqida fikr bildirildi.

    - Konstitutsiyamiz 30 yil davomida xalqimiz uchun xizmat qilib, haq-huquqlarimizni himoya qildi, - deydi Abdusattor Boboyorov. -   Qonun loyihasi muhokamasi bo’yicha 66 mingdan ziyod taklif va murojaatlar kelib tushgan. Bu xalqning Vatan taqdiri va kelajagi, ravnaqiga befarq emasligini ko’rsatadi…

    - Yurtimizda bo’layotgan o’zgarishlarga befarq emasman, yangiliklar kuzatib, o’zimcha tahlil qilib chiqdim, - deydi “Ziyokorlar” mahallasi faoli Muharram Haydarova. -  So’nggi 6 yilda yurtimizda katta o’zgarishlar yuz berdi. Har bir soha vakilining dardi tinglanmoqda, hal etilmoqda. Islohotlar inson qadr-qimmati, sha’niga qaratilgan. Konstitutsiyadagi 128 moddaning 66 tasiga jami 200 dan ortiq o‘zgartirish kiritilishi taklif etilgan. Men ishonamanki, bularning barchasi inson hayotining yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi...

Behruz SHAMSIDDINOV                                             

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.