Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va ishchi-xodimlarining bir kunlik ish haqini majburlab “Mahalla” xayriya jamoat fondining hisob-raqamiga o‘tkazilganligi haqida xabar berilgan edi.

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-aprel № 199-F  sonli farmoyishining 8-bandiga binoan, umumxalq hasharini o‘tkazish munosabati bilan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlarning ixtiyoriy mablag‘larini O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining respublika boshqaruvi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari, tuman va shahar bo‘linmalarining bankdagi hisobvaraqlariga o‘tkazish tavsiya etilgan.

    Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va ishchi xodimlaridan 725 nafari ixtiyoriy ravishda o‘z arizalariga binoan bir kunlik ish haqini “Mahalla” xayriya jamoat fondining hisob raqamiga o‘tkazilishini so‘rab murojaat qilgan.

     Ularning arizasini Samarqand davlat universiteti moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektori, katta yuriskonsult, boshlang‘ich Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tegishli tartibda ko‘rib chiqib, rozilik bildirgan.

    Shu o‘rinda quyidagi maʼlumotni keltirib o‘tish o‘rinlidir. SamDU professor-o‘qituvchilari va ishchi-xodimlari jami 2400 nafarni tashkil qilib, shundan faqat 725 kishi bir kunlik ish-haqini o‘tkazishga rozilik bergan. Qolgan xodimlarning oylik maoshidan majburiy ravishda pul ushlab qolinmagan. Bu boradagi xatti-harakatlarda qonun buzilishi yuz bermagan. Hech kim majburiy ravishda ariza yozganligi bo‘yicha shikoyat qilmagan.

    Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati barcha OAV uchun ochiq. Noxolis axborotlar tarqatib, jamoatchilikni chalg‘itish, maqsadga muvofiq emas. Axborotlarni chuqur o‘rganib, keyin ommaga maʼlumot berishni tavsiya etamiz. Bu borada hamkorlik qilishga tayyormiz.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.