Yersovun o‘simligi haqida eshitganmisiz?

O‘zbekistonning yashil o‘simliklar olami nihoyatda boy va rang-barang. Siz-u biz bilgan dorivor o‘simliklardan tashqari hali ilm olamida ham endi-endi o‘ganib kelinayotgan “nodir tabiat mo‘jizalari” ham uchraydi. Yersovun ana shunday o‘simliklardan biridir.
Yersovun tog‘ yonbag‘irlarida o‘sadigan ko‘p yillik o‘simlik. Uning bunday nomlanishi ham qiziq hodisa bilan bog‘liq. Yersovunning ayni pishib yetilgan mevalari suv bilan aralashtirilganda o‘ziga xos tarzda ko‘pik hosil bo‘ladi. Ma’lumotlarga qaraganda, qadimda aholi yersovundan sovun sifatda foydalangan.
Samarqand davlat universiteti biologiya fakultetida ushbu o‘simlikning bioekologik xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha bir qator tadqiqotlar olib borilmoqda. Xususan, 1-bosqich magistrlari Gulhayo G‘ofurova va Iroda Saydullayevalar botanika kafedrasi dotsenti Zebunniso Nomozova ilmiy rahbarligida yersovun o‘simligining kimyoviy tarkibi, o‘sish sharoitlari va xususiyatlari bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib boradi.
Yersovunning Vatani Markaziy Osiyo, qumloq, gil tuproqlarda, sug‘orilmaydigan ekinlar orasida o‘sadi, - deydi Gulhayo G‘ofurova. - Urug‘idan va ildiz poyasidan ko‘paytiriladi. Ildizpoyasini bo‘laklarga bo‘lib ko‘paytirish mumkin. Teng yarmiga yoki uchga bo‘lib ko‘paytirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aprel oyining o‘rtalaridan boshlab, taxminan 15 kun davomida gullaydi. Asosan, tog‘yonbag’irlarida, qumloq, shag‘alli joylarda o‘sishga moslashgan.
Yersovunning poyasi 1,2 sm gacha, qalin, tuksiz,tashqi tomondan ko'k binafsha rangda, elliptik yoki tuxumsimon, gulbarglardan uzunroq bo‘ladi, - deydi Iroda Saydullayeva. - Yer sovunning og‘irligi 1-4 kg keladigan tugunak ildizi saponinga juda boy. Shu bois uning mevalari suv bilan aralashtirilsa, ko‘p miqdorda ko‘pik hosil bo‘ladi.Shu xususiyati bilan undan odamlar qadimda sovun sifatida foydalanishgan.
Yersovun qadim zamonlardan beri xalq tabobatida ishlatilib kelinadi. Tibbiyotda oshqozon kasalliklarini davolashda foydalaniladi. Ildizpoyasida 30% gacha saponin, shuningdek treterpenlar bor. Glukoza, arabinoza, ramnoza, paxikarpin kabilar uchraydi. O‘rta Osiyo zamonaviy xalq tabobatida uning ildizi qaynatmasidan oshqozon yarasi, oshqozon yallig’lanishi, o’pka sili, qon kasalliklarini davolashda foydalanilgan.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.