O’quv qo’llanma: Ta’lim tizimi va innovatsiya integratsiyasi

Bugungi kunda pedagogik innovatsiya, integratsiya, texnologiya haqidagi bilimlar talabalar uchun nihoyatda muhim hisoblanadi. Chunki, pedagogika yo‘nalishidagi har bir talaba oliy o‘quv yurtini bitirgach faoliyatini o‘qituvchi sifatida davom ettiradi, shu bois dars jarayonlarida innovatsion texnologiyalar va metodlardan foydalanish muhim hisoblanadi.
Yaqinda Samarqand davlat universiteti fakultetlararo pedagogika kafedrasi professori Kibriyo Hasanovaning “Boshlangich ta’lim pedagogikasida innovatsiya va integratsiya” nomli o‘quv qo‘llanmasi nashr etildi. Mazkur qo‘llanma pedagogika yo‘nalishida tahsil oladigan bakalavriat bosqichi talabalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda zamonaviy ta’lim jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha kerakli tavsiya va ma’lumotlar berilgan.
Ta’lim jarayonida pedagogik innovatsiyalardan xabardor bo‘lish muhim omildir. Shu sababli zamonaviy talablarga javob beradigan ilg‘or o‘qituvchilar tayyorlashda ushbu qo‘llanmaning ahamiyati katta. Shuningdek, kitobda innovatsion texnologiyalarning shakllanish tarixi, pedagogik integratsiyaning ilmiy asoslari, shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim texnologiyasi, pedagogik jarayonni shakllantirish va samarali boshqarish texnologiyasi hamda rivojlanayotgan ta’limning integratsiyasi, tanqidiy fikrlashni rivojlantiruvchi ta’lim texnologiyasi va ta’lim san’ati texnologiyasini ilmiy-amaliy nuqtai nazardan vizualizatsiya qilish masalalarida ham atroflicha fikr bildirilgan. Bo‘lajak o‘qituvchilarni zamonaviy ta’lim texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan pedagog darajasida tayyorlash, ularni o‘ziga xos malakaga ega bo‘lishga yo‘naltirish va bu borada zamonaviy innovatsion texnologiyalardan keng foydalanish pedagogik faoliyatni amaliyotga joriy etishda yordam beradi.
O‘qituvchi ijodiy qobiliyatlarining manbai pedagogik tajribadir. Uning ilg‘or tajriba konsepsiyasida o‘z vazifasiga ijodiy munosabati o‘quvchilarni tarbiyalashda yangi samarali yo‘l va vositalarni izlash va ulardan foydalanishida namoyon bo‘ladi. O‘z sohasining yetuk o‘qituvchisi nafaqat bolalarga ta’lim-tarbiya berish bilan shug‘ullanishi, balki ilg‘or o‘qituvchilarning tajribalarini o‘rganishi muhim hisoblanadi. Innovatsion texnologiyalar orqali ta’lim jarayoniga yangi sifat o‘zgarishlari kiritiladi, natijada o‘quvchining berilgan mavzuni tushunib olishi va eslab qolishi osonlashadi. Ilg‘or pedagogik tajriba shunchaki mehnatning bir ko‘rinishi emas, balki kezi kelganda o‘qituvchining uslubiga aylanib, u orqali o‘qituvchi tarbiya va ta’lim jarayonida yuksak natijalarga erishishi mumkin.
Ta’lim jarayonini texnologiyalashtirish pedagogik jarayon samaradorligining muhim shartidir. Aynan shuning uchun ham bo‘lajak pedagoglar pedagogik texnologiya va ta’lim texnologiyasining ilmiy asoslaridan foydalana olishlari zarur.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi