Maʼlumki, mamlakatimizda lalmikor ekin maydonlar 750 ming gektardan ortiqni tashkil etadi. Lalmi maydonlar dehqonchiligi yangi texnika va texnologiyalarni, qurg‘oqchilikka chidamli ekinlar navlarini joriy qilish orqali yanada rivojlantirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.  Poliz ekinlari qurg‘oqchilikka chidamliligi bilan oddiy ekinlardan ajralib turadi. Shu sababli ularni issiq iqlimli tog‘oldi hududlarida sug‘ormasdan yetishtirish mumkin. O‘zbekistonda lalmi sharoitda ko‘proq tarvuz ekiladi. Lalmikor yerlarda qovun yetishtirish darajasi tarvuz yetishtirishga qaraganda past. Vaholanki, bugungi kunda lalmikor polizchilikni rivojlantirish juda muhim, chunki sug‘orilmaydigan ekin maydonida yetishtiriladigan mevalar ta’mi sug‘orib yetishtirilgan mevalarga nisbatan shirinroq bo‘ladi, tog’oldi hududlarda poliz ekinlari yetishtirish birmuncha keng tarqalgan, shuningdek, lalmikor polizchilikda ekinliklarda kasalliklarga chalinish holatlari kam kuzatiladi. Lalmikor polizchilik Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida keng tarqalgan. Mamlakatimizda lalmi yer maydonlarini 30-40 ming gektarga, olinadigan poliz mahsulotining yalpi hosilini 150 ming tonnagacha yetkazish imkoniyatlari mavjud. Bu imkoniyatlardan to’la foydalanish aholining poliz mahsulotlariga bo’lgan talabini qondirishda muhim omil hisoblanadi. Poliz ekinlari navlari lalmikor polizchilikka har xil moslashib, turlicha natija beradi. Tarvuz o‘simligining ildizi tuproqda chuqur joylashgani sababli, bu ekinning lamikorlikka moslashishini ta’minlaydi. Samarqand viloyati lalmikor ekin maydonlarida tarvuz yetishtirish juda keng tarqalgan. Holbuki, viloyatimiz hududi lalmikor ekin maydonlari qovun yetishtirishga yetarli darajada mos keladi.  Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti magistri Durdona Ergasheva “Lalmi sharoitda yetishtiriladigan qovunning fiziologik ko‘rsatkichlari va hosildorligiga bargdan oziqlantirishning ta’siri” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Ilmiy rahbari o‘simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiya kafedrasi professori Akmal Sanaqulov.

     – O‘zbekistonda hozirgi vaqtda qovunning 160 dan ortiq navlari tarqalgan bo‘lib, ular bir-biridan tezpisharligi, hosildorligi, kasalliklarga va boshqa noqulay sharoitlarga bardoshliligi, ta’mi, saqlanuvchanligi, tashiluvchanligi, qayta ishlash va quritishga yaroqliligi kabilar bo‘yicha farqlanadi, - deydi tadqiqotchi Durdona Ergasheva. - Qovun mevasi juda sershira bo‘lib tarkibida 4,5-20% qandlar (saxaroza, glyukoza, fruktoza va boshqa qandlar), organik (olma, limon) kislotalar, vitamin S, V1, V2, RR, R va E, karotin, pantaten va foliy kislotalar, pektin, xushbo‘y va boshqa moddalar bor. 92%gacha suv saqlaydi. Qovun etida ko‘p miqdorda temir, kaliy va boshqa element tuzlari bo‘ladi. Urug‘i ham biologik faol moddalar (25%dan ortiq yog‘, qandlar, oqsil va boshqa birikmalar)ga boy.

    Tadqiqotim davomida turli fraksiyalardagi urug‘laridan undirilgan qovun navlarining o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligini tadqiq qilib, qovunning aynan qaysi navlari  lalmi sharoitga mos kelishi hamda bu jarayonda uning hosildorligini oshirishda qaysi mikroelementlarning ta’siri yuqoriroq bo‘lishini o‘rganishga harakat qildim. Samarqand viloyatining lalmikor tuproqlari sharoitida o‘tkazilgan tadqiqotlarimizda, mikroelementlarni tuproqqa qo‘llash hamda urug‘larni mikroelementlar eritmalarida ivitib ekish ta’sirida qovun mevalarining massasi va hosildorligi ortishini aniqladik. Mikroo‘g‘itlar tuproqda qo‘llanilganda nazorat-mikroo‘g‘itsiz variantda bitta meva massasi 4,2 kg ni tashkil etgan bo‘lsa, mikroo‘g‘itlar qo‘llanilganda 5-6,4 kg ni tashkil etganligi qayd etildi. Bunda eng yuqori ko‘rsatkich marganes qo‘llanilganda hisobga olindi. Mikroelementlarni qo‘llash ta’sirida qovun hosildorligi sezilarli darajada o‘zgardi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, viloyatimizning lalmikor tipik bo‘z tuproq sharoitida qovunning Amiri navi yuqori hosil berishi aniqlandi.

    Qovun tarvuzga qaraganda qandga boy. Turli qovun mevalarida umumiy qand miqdori 7,04 dan 14,47 foizgacha o‘zgarib turadi. Markaziy Osiyo qovun navlari mevalaridagi qanddorlik 14-16 foizga yetadi. Shuning uchun qovun yetishtirish texnologiyalarini takomillashtirib, yangi sharoit va hududlarda qovun yetishtirishni yo‘lga qo‘yish orqali qand va shakar sanoati rivojiga ham sezilari ravishda hissa qo‘shish mumkin.

 

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi