Mollyuskalarni o‘rganish qanchalik muhim? U bizga nima beradi?

Samarqand davlat universiteti zoologiya kafedrasi dotsenti Jasur Qudratov “G‘arbiy Pomir-Oloy tog‘lari sistemasining qorinoyoqli mollyuskalari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi (DSc) ustida ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Ilmiy maslahatchilari Samarqand davlat universiteti professori, biologiya fanlari doktori Zubaydulla Izzatullayev.
- Ma’lumki, mollyuskalar ko‘plab umumbiologik muammolarni yechishda va hududning tarixiy shakllanishini aniqlashda juda qulay obyektlardan hisoblanadi, - deydi Jasur Qudratov. - Bir tomondan, ular suvosti bentos organizmlari va xususan, baliqlar, suv va suvoldi qushlari, sutemizuvchilarga ozuqa bo‘lib xizmat qilsa, ikkinchidan, suv va tuproqning bioindikatorlari sifatida, ularning sanitar holatini aniqlashda ham ishtirok etadi. Mollyuskalarning qattiq chig‘anoqlari qadimiy yer qatlamlarida yaxshi saqlanib, paleoklimatologiya va stratigrafiyada indikator organizmlar rolini bajaradi. Ularning xo‘jalikdagi ahamiyati ham nihoyatda kattadir. Mollyuskalarning o‘nlab turlari: uy va ovlanadigan hayvonlar, baliqlar va qushlar, hatto inson uchun ham og‘ir gelmintoz kasalliklarning sababchilari bo‘lgan, gelmintlar uchun oraliq xo‘jayindir. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Janubiy qorinoyoqli mollyuskalarining turlar tarkibi, bioekologik xususiyatlari, o‘zgaruvchanligi, turli suv va quruqlik biotsenozlarida tarqalishi, zoogeografiyasi, kelib chiqishi va xo‘jalikdagi ahamiyatini o‘rganish ilmiy va amaliy ahamiyat kasb etadi. Biz tomonimizdan olib borilgan tadqiqotlarda, G‘arbiy Pomir-Oloy tog‘lari sistemasining qorinoyoqli mollyuskalari taksonomik, ekologik va ahamiyati jihatdan batafsil tadqiq etilib, keng tarqalgan turlarning biologiyasi va hayot sikli tavsiflandi. Bir nechta O‘zbekiston va Markaziy Osiyo hududi uchun yangi turlar aniqlandi. Shuningdek, 5 ta turni O‘zbekiston “Qizil Kitobi”ga kiritish tavsiya etildi.
Bugungi kungacha olib borilgan tadqiqotlar natijasida tadqiqotchi tomonidan 10 dan ortiq ilmiy maqolalar, shu jumladan, 2 ta maqola Scopus bazasidagi nufuzli xorijiy jurnallarda, 15 dan tezislar ortiq xalqaro va respublika konferensiya materiallarida chop etilgan. Jasur Qudratov malokologik tadqiqot natijalari asosida yaratilgan 1 ta monografiya muallifidir.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.