Tog‘ tizimlari tabiati: qorinoyoqli mollyuskalarning foydasi nimada?

Qorinoyoqli mollyuskalar tabiiy ekotizimlarning asosiy tarkibiy qismlaridan biri hisoblanib, turlar sonining ko‘pligi, keng tarqalganligi va populyasiyada zichligini yuqori bo‘lishi organik moddalar aylanmasida muhim ahamiyatga ega. Qorinoyoqli mollyuskalarning ahamiyati xilma-xil bo‘lib, birinchidan, ular suv va quruqlik ekotizimlarining biologik mahsuldorligini oshiradi, ikkinchidan ekotizimlardagi o‘zgaruvchanlikni tez seza olish xususiyati suv havzalari va quruqlikda ifloslanish darajasini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti magistri Ruxshona Mirziyoyeva “Qorachi tog‘ va G‘ubdin tog‘lari qorinoyoqli mollyuskalari (taksonomiyasi, tarqalishi va xo‘jalikdagi ahamiyati” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi.
- Mollyuskalar atrof-muhit va tabiatda muhim o‘ringa ega, - deydi Ruxshona Mirziyoyeva, - Shuni alohida taʼkidlash lozimki buloq, koʻl va daryo qirgʻoqlaridan olingan toshlar, suvga botib qolgan daraxtlar va ularning toʻnkalari, tomiri bilan sugʻurib olingan oʻsimliklarda koʻplab mollyuskalarni topish mumkin. Adir mintaqasi dengiz sathidan 1500 metrgacha bo‘lgan hududlarni o‘z ichiga olib, cho‘l mintaqasiga nisbatan relefi murakkab tuzilishga ega bo‘lib, suv qorinoyoqli mollyuskalarining yashashi uchun optimal sharoitga ega bo‘lgan biotoplar xilma - xilligi bilan xarakterlanadi. Qorinoyoqli mollyuskalar ma’lum bir turdagi baliqlar, sudralib yuruvchilar va qushlar uchun ozuqa vazifasini o‘taydi. Qolaversa, chorva mollariga gelmint kasaliklarini tarqatishda oraliq xo‘jayin vazifasini o‘tasa, yana boshqalari esa qishloq xo‘jalik ekinlariga katta zarar yetkazadi. Tadqiqotimizning asosiy maqsadi Qorachi va G‘ubdin tog‘lari hududlari hamda sistematik guruhlar bo‘yicha variatsiyasini o‘rganish va ushbu belgilarning sistematik ahamyatini ochib berishdan iborat.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati