Sho‘rlanish sharoitida bug‘doy yetishtirishda innovatsion yondashuv

Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti talabasi Dilnoza Muhammadiyevaning ilmiy tadqiqot ishi sarsazan o‘simligi endofit bakteriyalari shtammlari asosida yaratilgan mikrob preparati yordamida bug‘doyning stress sharoitlarga chidamliligini oshirishga qaratilgan. Ilmiy rahbari SamDU dotsenti, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Begali Aliqulov.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda bir milliard gektardan kamroq hudud birlamchi, 77 million gektardan ortiq hududi ikkilamchi sho‘rlanishga uchragan, - deydi Dilnoza Muhammadiyeva. - Ikkilamchi sho‘rlangan hududlarning 58 foizi sug‘oriladigan maydonlar hisoblanadi. Sho‘rlanishga uchragan hududlarning kengayishi qishloq xo‘jalik ekinlari, jumladan, asosiy ozuqa ekinlaridan biri bug‘doydan olinadigan hosilning kamayishiga, natijada aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabining yetarli darajada ta’minlanmasligiga olib kelmoqda. Holat qishloq xo‘jaligi ekinlarining stress omillarga chidamliligini oshirishda, jumladan, sho‘rlanish sharoitlarida o‘sib-rivojlanishini ta’minlashda innovatsion uslublarni qo‘llashni taqozo etmoqda. Bu borada, sho‘rlangan hududlarda keng tarqalgan galofit o‘simliklarning endofit bakteriyalari asosida yaratilgan mikrob preparatlarining bug‘doy rivojlanishini rag‘batlantiruvchi xususiyatlarini aniqlash va potensialini baholash dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, tadqiqotlarimizning maqsadi gipergalofit sarsazan o‘simligi endofit bakteriyalari istiqbolli shtammlarining bug‘doy o‘simligi rivojlanishini rag‘batlantiruvchi xususiyatlarini aniqlash va sho‘rlangan maydonlarda ularni qo‘llash bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqot ishimizda gipergalofit sarsazan o‘simligi endofit bakteriyalari istiqbolli shtammlari suspenziyalari bilan ishlov berishning sho‘rlangan maydonlarda bug‘doy o‘simligi rivojlanishiga, tuproqning kimyoviy va mikrobiologik tarkibiga ta’sirini baholash, sho‘rlangan maydonlarda bug‘doy o‘simligini yetishtirishda endofit bakteriyalar istiqbolli shtammlari asosida yaratilgan mikrob preparatini qo‘llash bo‘yicha tajribalar olib borilmoqda.
Dilnozaning bugungi kungacha olib borgan tadqiqotlari natijasida 3 ta ilmiy maqolalar, shu jumladan, 1 ta maqola nufuzli xorijiy jurnallarda, 10 dan tezislar ortiq xalqaro va respublika konferensiya materiallarida chop etilgan.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.