Samarqand davlat universitetiga Avstriya fanlar akademiyasi Eronshunoslik va Markaziy Osiyo ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor Florian Shvars tashrif buyurdi. Mehmonni Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov qabul qildi. Tashrifdan asosiy maqsad, ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va Samarqand tamadduni tarixini birgalikda o‘rganishdir.

    Uchrashuvda tomonlarning taklif va fikrlaridan kelib chiqib, o‘zaro hamkorlikni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish, amaliy ishlarni yanada jonlantirishga yuqori ilmiy salohiyat bilan yondashish masalalari ko‘rib chiqildi. Samarqand tarixi bo‘yicha mavjud qo‘lyozma manbalardan samarali foydalanish zarurligi alohida taʼkidlandi.

    – Bugungi tashrif va kelishuv Samarqand tarixini o‘ganish sohasida tom ma’noda, yangi qadamdir, - deydi SamDU rektori Rustam Xolmurodov. - Shu kungacha bu borada olib borilgan eng katta tadqiqotlar sho‘ro davrida hukmron ijtimoiy tuzum manfaatlariga moslashtirilgan holda amalga oshirilgan. Buning oqibatida ayrim haqiqatlar ochiqlanmay qolgan. Endi butun dunyoning Samarqand tarixi bo‘yicha mavjud manbalari qayta o‘rganiladi, Samarqand tarixi yangicha nigohda qaytadan kashf etiladi. Bu borada Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, umuman, Buyuk Ipak yo‘li o‘tgan har bir hududga tegishli madaniy yodgorliklar va Samarqand tarixi bo‘yicha izlanish olib borgan tarixchi olimlarni jalb qilish muhim.

    Samarqand davlat universiteti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan manbalarning elektron katalogini yaratish, bu ishlarga universitet talabalari, magistrantlari, doktorantlari, yosh o‘qituvchilarini jalb qilgan holda Avstriya FA tizimidagi tajribali olimlarining mahorat darslari tashkil etish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. Mazkur kelishuv Eronshunoslik va Markaziy Osiyo ilmiy-tadqiqot instituti bilan Xalqaro standartlarga javob beradigan tarixchi, manbashunos, matnshunos, tilshunos mutaxassislar tayyorlash yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, har ikkala tomon yosh olimlariga nomzodlik va doktorlik ishi mavzularini tanlashda SamDU qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan, jahon ilmiy jamoatchiligi uchun qiziq bo‘lgan manbalardan foydalanish imkoniyatlarini yaratadi. Shu bilan birgalikda Avstriya FA Eronshunoslik instituti professorlari bilan SamDU tadqiqotchilariga ilmiy rahbarlik va stajirovka yo‘nalishida aloqalar yo‘lga qo‘yiladi. Shunigdek, pandemiya va undan keyingi davrda ikki tomon tarixchi olimlari o‘rtasida onlayn shaklda olib borilgan hamkorlik ishlarining natijasi sifatida “Samarqand shahri kuni”ga qadar Samarqand tamadduni tarixiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etish masalalarida ham kelishuvga erishildi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.