SamDU talabalari Sankt-Peterburg elektrotexnika universitetida…

Samarqand davlat universiteti raqamli texnologiyalar fakulteti talabalari Maqsud Hamidov va Yusuf Xudoyberdiyevlar talabalar almashinuvi dasturi bo’yicha Sankt-Peterburg elektrotexnika universitetida (LETI) 6 oy davomida ta’lim olib qaytdi. Quyida ushbu talablarning taassurot va fikrlari bilan tanishishingiz mumkin.
- Sankt-Peterburg elektrotexnika universitetidagi muhit menga juda yoqdi, - deydi Maqsud Hamidov. – U yerda amaliy matematika va informatika yo’nalishi bo’yicha tahsil oldim. Darslar raqamlashtirilgan bo‘lib, talaba darsda qatnashmasa ham mavzuni o’zi mustaqil o’zlashtirish imkoniga ega. Ya’ni, har bir ma’ruza, amaliyot, seminar darslar video orqali yozib olinib, You tube ijtimoiy tarmoqlariga joylashtiriladi. Haftada bir kun ma’ruza darsalari bo’lsa, qolgan kunlar amaliyot va laboratoriya darslari o’tiladi. Nazariyaga nisbatan amaliyotga ko’proq vaqt ajratishadi. O’qituvchilar talabchan, talabaning o’qishi va bilim olishini doimiy nazoratda saqlanadi. Talabalar baho uchun emas, ilm egallash uchun o’qiydi. Hech bir talabaning bekor o’tirganini ko’rmaysiz, kutubxona doim gavjum.
Yana bir qulaylik tomoni shundaki, o’quv jarayonlarida, dars jadvalida biror o’zgarish bo’lsa, mobil ilovangizga shu haqidagi xabar kelib tushadi. Bu esa ortiqcha sarsongarchiliklarning oldini oladi.
Talabaning erkin ishlashi va o’qishi uchun barcha imkoniyat yetarli. Sohaga oid yirik tadbirkorlar, kompaniya egalari, korxona tashkilot rahbarlari har hafta kelib mahorat darslari o’tishadi, o’zlariga ma’qul bo’lgan talabani ishga taklif qilishadi. Aksariyat talaba o’qishini tamomlagunicha ishga bemalol joylashib oladi.
Har oyda iqtidorli talabalar uchun universitet Kasaba uyushmasi tomonidan bepul sayohatlar tashkil qilinadi. Tadbir va bayramlarga o’zgacha ruhda o’tkazilib, yaxshi va qiziqarli o’tishi uchun tashkiliy ishlarga talabalarning o’zlari jalb etiladi.
Ma’lumot uchun Sankt-Peterburg elektrotexnika universiteti Rossiya Federatsiyasidagi eng qadimgi oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lish bilan bir qatorda, Yevropa bo‘yicha elektrotexnika sohasiga ixtisoslashgan birinchi universitetdir.
Universitetda radiotexnika, telekommunikatsiya, boshqaruv jarayonlari, kompyuter texnikasi va AT, elektronika, biotibbiyot muhandisligi, menejment va lingvistika sohalarida mutaxassislar tayyorlanadi. Bugungi kunda 60 mamlakatdan 1000 ga yaqin xalqaro talabalar almashinuv dasturi doirasida mazkur universitetda tahsil olmoqda. Shuningdek, chuqur bilim va amaliy ko‘nikmalarni egallagan xalqaro talabalar universitetning ingliz tilida o‘qitiladigan 6 ta magistrlik yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilinish imkoniyatiga ega.
Sankt-Peterburg elektrotexnika universiteti dunyo bo‘yicha 9 mamlakatning 82 ta universiteti bilan ta’lim sohasida hamkorlik aloqalariga ega bo‘lib, shulardan biri Samarqand davlat universitetidir.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.