Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand davlat universiteti sirtqi bo‘limi dekani talabalardan pora olayotganligi to‘g‘risida asossiz, noxolis tarqatilgan xabar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz:

    Samarqand davlat universitetida sirtqi (maxsus sirtqi) bo‘limi mavjud bo‘lib, bo‘lim boshlig‘i tomonidan boshqariladi. Ushbu bo‘lim sirtqi taʼlim shaklida tahsil oluvchi talabalarning dars jarayonlarini tashkil etish, ularni o‘qish va imtihon vaqtlari to‘g‘risida xabardor qilish kabi masalalar bilan shug‘ullanadi. Shu o‘rinda taʼkidlab o‘tish lozimki, sirtqi bo‘limda fan o‘qituvchilari faoliyat yuritmaydi. Barcha o‘qituvchilar ixtisosligiga ko‘ra universitetning turli kafedralaridan jalb etiladi.

    Samarqand davlat universitetida sirtqi shaklda tahsil oluvchi talabalarning yakuniy nazoratlarini tekshirishda SamDU professor-o‘qituvchilari deyarli ishtirok etmaydi. Ishlar, asosan, qo‘shni viloyatlardagi oliy taʼlim muassasalariga yuboriladi. Tekshirilgan yakuniy nazorat ishlari qabul qilinib, talabalarga eʼlon qilinadi.

    Agarda talaba yakuniy nazoratdan o‘ta olmasa yoki olgan bahosidan norozi bo‘lsa, tegishli tartibda apellyatsiya uchun ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.

    Samarqand davlat universiteti mazkur xabarni tarqatganlarga axborotni ommaga havola etishdan oldin uni tekshirib, chuqur tahlil qilgan holda eʼlon qilish lozimligini eslatib o‘tadi. Zero, har bir noto‘g‘ri tarqatilgan xabar uchun qonuniy javobgarlik belgilangan.

    Shuningdek, ayrim o‘qishni xohlamasdan turli qing‘ir yo‘llar orqali yakuniy nazoratdan o‘ta olmagan talabalarning hissiyotga berilib yuborayotgan xabarlariga ishonib qolmasliklarini so‘raydi.

    Samarqand davlat universiteti maʼmuriyati universitet haqida tarqatilgan har qanday yolg‘on xabar va maʼlumotlarni keskin qoralaydi. Jamoatchilik o‘rtasida salbiy fikr uyg‘otishga bo‘lgan har qanday urinishlar bo‘yicha qonun doirasida eʼtiroz bildiradi.

    Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati barcha OAV uchun ochiq. Universitet to‘g‘risida siz uchun zarur bo‘lgan axborotlarni bevosita olishingiz mumkin. Bu borada hamkorlik qilishga tayyormiz!

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.