Aydar-Arnasoy ko’llar tizimi mamlakatimizdagi eng yirik antropogen-irrigatsion ko’llardan biri hisoblanadi. Qizilqum va Nurota tog’lari bag’rida joylashgan ushbu ko’l o’ziga xos noyob tabiat boyliklariga ega. Bugungi kunda hayvonot va nabotot olami xilma-xil bo’lgan bu maskan tabiatni sevuvchi ko’plab sayyohlarni o’ziga jalb qilib kelmoqda.

    Uzoq yillardan buyon ushbu ko’l va uning atrof landshaftlari ustida tadqiqot olib borayotgan geografiya va tabiiy resurslar kafedrasi professori Subxon Abbasov va dotsent Nilufar Sabirova tomonidan tayyorlangan “Aydar-Arnasoy ko’llar tizimi atrof landshaftlarning ekoturistik (marshrutli) xaritalarini yaratish” mavzusidagi qiymati 800 mln. so’mlik loyiha O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining “2022-2023-yillarda oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan yangi ishlanma va texnologiyalarni yaratish va joriy etishni amalga oshirish dasturlari ro’yxatidan o’rin oldi.  Ushbu loyihani bajarish 2022-yilning 1-dekabridan belgilangan.

    Ekoturizm bu - tabiat bilan tanishish, undan zavq olish bilan birgalikda ularga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish va muhofaza qilishga qaratilgan turistik faoliyatdir. Turistlarning ko’llar tizimiga sayohati chog’ida uni mazmunli o’tkazish uchun ekoturistik marshrutlar muhim hisoblanadi, - deydi SamDU dotsenti Nilufar Sabirova. - Bu loyihada Aydar-Arnasoy ko’llar tizimi atrof landshaftlarining ekoturistik marshrutli xaritalari va Aydar-Arnasoy ko’llar tizimining ekoturistik atlasini yaratish reja qilingan. Shuningdek, bizning “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi atrof landshaftlarining ekologik holatini masofaviy zondlash yordamida monitoring qilish va kartalarini yaratish” mavzusidagi qiymati 400 mln. so’mlik yana bir loyihamiz O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-martdagi “Aydar-Arnasoy ko’llar tizimi boshqaruvini tashkil etishning qo’shimcha chora-tadbirlari to’g’risida”gi 136-sonli qarori ijrosini ta’minlash bo’yicha e’lon qilingan tanlovga topshirilgan. Bugungi kunda ushbu tadqiqot obyekti nafaqat mahalliy olimlar, shu bilan birga chet el olimlarini ham e’tiborida bo’lib, hamkorlikda xalqaro loyihalarni bajarish maqsad qilingan. 

        

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati