Noan’anaviy ochiq dars tashkil etildi…

Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi tomonidan 4-kurs talabalari ishtirokida "Bahor milliy qo‘shiqlar bayrami" tadbiri tashkil etildi. Tadbir "Xalq og‘zaki ijodi namunalarini o‘rganish metodikasi" (Tanlov fan) faniga bag‘ishlanib, "O‘zbek xalq qo‘shiqlarini o‘rganishning metodik asoslari. Mehnat va marosim qo‘shiqlari, ularning turlari" mavzusida bo‘lib o‘tdi. Bu tadbir talabalar uchun xalq qo‘shiqlarining ahamiyatini chuqurroq anglash va milliy merosimizni o‘rganish imkoniyatini berdi.
Mazkur tadbir milliy madaniyatimiz va xalq og‘zaki ijodining bebaho namunalarini o‘rganish, targ‘ib qilish hamda yoshlarning an’anaviy san’atga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida tashkil etildi. Tadbir davomida o‘zbek xalqining boy madaniy merosini ifoda etuvchi qo‘shiqlar kuylandi.
Tadbirda xalq og‘zaki ijodi namunalaridan "Sust xotin", "Boychechak", "Yor-yor", "Kelin salom" kabi milliy qo‘shiqlar ijro etildi. Bu qo‘shiqlar o‘zbek xalqining turmush tarzini, urf-odatlarini va an’analarini aks ettirib, o‘ziga xos badiiy obraz yaratadi.
Tadbir davomida talabalarning xalq qo‘shiqlarini o‘rganish borasidagi bilim va ko‘nikmalari namoyon bo‘ldi. Shu bilan birga, ularning ijodiy mahorati va milliy san’atga bo‘lgan muhabbati oshdi. Tadbir ishtirokchilari milliy qo‘shiqlarimizni o‘rganish va targ‘ib qilish muhim ekanligini ta’kidlab, bunday tadbirlarning kelgusida ham davom ettirilishini istashdi. Ushbu fandan talabalarga o’zbek tili va adabiyoti kafedrasi o’qituvchisi Mohina Ahrorova dars o’tib kelmoqda.