Samarqand davlat universiteti boshlang‘ich kasaba uyushma qo’mitasining hisobot-saylov yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Samarqand davlat universiteti boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotining 2023-2025-yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasining 2024-yilda bajarilishi bo‘yicha hisobot-saylov yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda 77 nafar delegat hamda O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Iftixor Rahimov ishtirok etdi.
Yig‘ilishda 2023-2025-yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasining 2024-yilda bajarilishi to‘g‘risida boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi, dotsent Shavkat Maxmatmuradov hamda SamDU rahbariyatining hisobotlari tinglandi. Shuningdek, jamoa shartnomasi bajarilishini nazorat qiluvchi komissiya raisi Safarboy Qurbaniyazov tekshiruv dalolatnomasi bilan tanishtirdi.
Shavkat Maxmatmuradov qo‘mitaning 2020-2025-yillardagi faoliyati haqida ham batafsil hisobot berdi. So‘zga chiqqanlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, kasaba uyushma qo‘mitasining 5 yillik faoliyatiga ijobiy baho berdilar.
Yig‘ilish davomida kasaba uyushma qo‘mitasi hamda taftish komissiyasining yangi tarkibi saylandi. Hisobot-saylov yig‘ilishi talabchanlik ruhida o‘tib, yashirin ovoz berish yo‘li bilan qo‘mita va rayosat raisi etib Shavkat Maxmatmuradov qayta saylandi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.