26-mart kuni butun dunyoda ekologik muammolarga e’tiborni jalb qilish maqsadida "Yer vaqti (kuni)" nishonlanadi. Ushbu sana doirasida yurtimizda ham ekologik ong va atrof-muhit muhofazasiga bag‘ishlangan turli aksiyalar o‘tkazilmoqda.

    Xususan, "Sayyoramiz soati" respublika aksiyasi doirasida Samarqand davlat universitetida ham ekologik tadbir tashkil etildi. SamDU hududida 1 soat davomida elektr energiya iste’moli vaqtincha to‘xtatildi. Bu tadbir global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va energiya tejashga bo‘lgan e’tiborni oshirish maqsadida amalga oshirildi.

    - "Sayyoramiz soati" aksiyasi dunyo bo‘ylab har yili nishonlanadi. Bu kun global hamjamiyatni ekologik muammolar haqida o‘ylashga va tabiatni asrash uchun real harakat qilishga undaydi, - deydi SamDU Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori, professor Subxon Abbosov. - Samarqand davlat universiteti talabalari va professor-o‘qituvchilari ushbu aksiyada faol ishtirok etib, ekologik muhofaza masalalariga bo‘lgan e’tiborini namoyish etdilar. Tadbir davomida elektr energiyasidan foydalanishni qisqartirish orqali atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish masalalari muhokama qilindi. Universitet rahbariyati va ishtirokchilar tomonidan kelgusida ekologik aksiyalarni yanada kengroq miqyosda o‘tkazish takliflari bildirildi. "Sayyoramiz soati" aksiyasi – bu faqatgina bir soatga chiroqlarni o‘chirish emas, balki atrof-muhitni asrashga bo‘lgan jamoaviy mas’uliyatimizni anglash va bu yo‘lda harakat qilishga chaqiriqdir.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.