Inson qadri ulug‘langan yurt, o‘zgarishlar ostonasida

Har bir yurtdoshimiz ko‘nglida yangi o‘zgarishlarga intilish kuchaygan.
O‘zbekiston Konstitutsiyaga kiritilishi ko‘zlanayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalar jarayonidagi xalqimiz muhokamalarida ham ko‘rdik. Yurtga daxldorlik tuyg‘usi, o‘z kelajagiga befarq emasligi shu jarayonlarda faol qatnashgan yurtdoshlarimiz misolida yanada yaqqol ko‘rindi.
Ushbu siyosiy jarayonlarni bevosita kuzatib, bir narsaga amin bo‘ldimki, boshlanayotgan yangi davrdagi o‘zgarishlarga fuqarolarimiz befarq bo‘lmasdan, o‘zlari tashabbuskor bo‘lib, ko‘plab takliflar berdi, islohotlarimizni faol qo‘llab-quvvatladi.
O‘zgarishlar o‘z-o‘zidan ro‘y beravermaydi. Ertangi kuni bugunidan yaxshiroq bo‘lishni istagan, tenglar ichra teng bo‘lishi qalbida bo‘lgan elning intilishlari kerak. Tafakkuridagi o‘zgarishlar, hayotiga, turmush tarziga ko‘chishi lozim. Biz hozir odamlar turmush tarzida, jamiyatda bo‘layotgan ko‘plab o‘zgarishlarga guvohmiz.
Prezidentimiz tashabbuslari bilan keyingi yillarda mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, madaniy-gumanitar yo‘nalishda – madaniyat, kino, raqs va tasviriy san’at sohalarini, adabiyot va kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarimiz xalqimizga yaxshi ma’lum. Xususan, xalqaro maqom anjumani, baxshichilik va milliy hunarmandchilik festivallarini tashkil etganimiz va yuksak saviyada o‘tkazganimiz Yangi O‘zbekistonni dunyoga keng targ‘ib etishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Bunday yondashuv bugungi va kelgusi rivojlanishimiz uchun mustahkam poydevordir.
Milliy tariximizni xolis va haqqoniy tadqiq etish uchun bugungi kunda O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, Fanlar akademiyasi qoshida O‘zbekistonning yangi tarixi markazi, “O‘zbekiston tarixi” telekanali faoliyat ko‘rsatmoqda. Islom dini rivoji yo‘lida beqiyos xizmat qilgan buyuk muhaddis bobolarimizning diniy va ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida Samarqandda – Imom Buxoriy, Surxondaryoda – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Toshkentda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda.
Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning boy diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish, yosh avlodimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos o‘rin tutadigan ilm-ma’rifat markaziga aylanadi.
Quvonarlisi, hozirgi murakkab va shiddatli zamonda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning o‘rni va ta’siri tobora ortib borayotganini hisobga olib, bu sohadagi faoliyatni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat berilmoqda. E’tiborlisi, Yangi O‘zbekiston nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda barcha sohalar qatori ma’naviy-ma’rifiy masalalarga oid tashabbuslarni ham dadil o‘rtaga qo‘ymoqda. Ayniqsa, Prezidentimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini qabul qilish bo‘yicha ilgari surgan tashabbuslari xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanib, mazkur rezolyutsiya qabul qilinganini alohida ta’kidlash lozim.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sammitida ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarini, shuningdek, turkiy dunyo birligini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shaxslarni rag‘batlantirishga qaratilgan yana bir muhim tashabbusi qabul qilinib, Turkiy kengashning Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis etildi. Biz buni barcha turkiy xalqlarning faxru iftixori bo‘lgan hazrat Alisher Navoiy bobomizga, shunday ulug‘ zotlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan xalqimizga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtirom ifodasidir.
Shu o‘rinda aytish lozimki, olti yil oldingi xalqimiz bilan bugungi yurtdoshlarimizning dunyoqarashi, turmush tarzi o‘rtasida katta farq bor. O‘tgan qisqa davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy qiyofasi ham tubdan o‘zgardi. Bularning barchasi aholi daromadlarining izchil o‘sayotgani, odamlarning shaxsiy uy-joy va sifatli iste’mol tovarlari bilan ta’minlanayotgani, yashash uchun zarur infratuzilmaning kengayib borayotganida namoyon bo‘layotir. Buning isbotini odamlar hayotida, turmushida his qilayotgani va buni hozir har qadamda e’tirof etayotgani misolida ham ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi, ochiqlik va oshkoralik, so‘z erkinligi, majburiy mehnatga chek qo‘yish va ochiq siyosat yuritish bo‘yicha erishilgan yutuqlarni bugun xalqaro hamjamiyat alohida e’tirof etmoqda.
Albatta, bunga o‘z-o‘zidan erishilgani yo‘q. Prezidentimiz qayerga bormasin, aholi bilan uchrashib, ularning xohish-istaklari, qiziqishlari, duch kelayotgan muammolariga alohida e’tibor berdi, mahallama-mahalla yurib, odamlarning dardu tashvishini eshitdi. Shu orqali odamlar qalbiga yo‘l topildi. Natijada odamlarning ruhiyatida katta o‘zgarish yuz berdi. Fuqarolarning ijtimoiy faolligi ortdi, siyosiy xabardorlik darajasi ko‘tarildi.
Shu davr mobaynida nafaqat odamlarning har lahza og‘ir tegirmon toshidek yelkasida yuk bo‘lib kelgan eng katta muammosiga yechim topildi, shu bilan birga, xalq hayotidan uzilib qolgan ayrim rahbarlar xalq ichida yurishga, fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning dardu tashvishi bilan yashashga o‘rgandi. Eng muhimi, odamlarning kayfiyati, dunyoqarashi va hayotga munosabati o‘zgarib, ertangi kunga mustahkam ishonch paydo bo‘ldi.
Ilgari tarixda bo‘lmagan sektorlar tizimi joriy qilinishi esa davlat organlarini aholi bilan yanada yaqinlashtirish, xalq bilan tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘lmoqda. Jamiyatda kambag‘allik va ishsizlikka barham berishni ko‘zda tutuvchi, aholining eng qiynalgan, sharoiti og‘ir qatlamini qamrab oluvchi “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftar”lari joriy etilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari tizimli qo‘llab-quvvatlanmoqda. Uy-joyga muhtoj o‘n minglab yurtdoshlarimiz o‘z boshpanalariga ega bo‘lib, baxtiyor turmush kechirishmoqda. Turli byurokratik to‘siqlarga barham berilib, ko‘plab qulayliklar yaratilmoqda. Yoshlar, xotin-qizlar, nogironligi bor shaxslarga ham katta imtiyoz va imkoniyatlar berilmoqda.
Inson munosib sharoitda ta’lim-tarbiya olib, farovon hayot kechirgan taqdirdagina, jamiyat va davlat uyg‘unlikda barqaror rivojlanadi. Shuning uchun ham bugungi kunda jahon miqyosida inson huquq va erkinliklariga, ushbu tushunchalar bilan bog‘liq reyting va standartlarga birinchi darajali ahamiyat berilmoqda.
Yoshlar yangicha fikrlashga, yangi-yangi g‘oyalarni dadil o‘rtaga tashlab, ularni amalga oshirishga, muammolarni ijodiy va nostandart yondashuvlar asosida hal etishga moyil bo‘ladi. Shu bois yurtimizda yosh avlod vakillarining bilim olishi, ilm-fan, innovatsiyalar, adabiyot, san’at va sport sohasidagi iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarishi, ularning jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mamlakatimizda yuqori bilim va malakaga ega bo‘lgan, raqobatdosh kadrlar tayyorlash maqsadida oliygohlar soni 150 taga yaqin, 30 ga yaqin xorijiy oliy ta’lim muassasasining filiallari ochildi. Holbuki, 2016 yilda respublikamizdagi oliygohlarning soni 77 ta edi. Qisqa muddatda bu borada qariyb ikki-uch barobar o‘sishga erishganimiz.
2016 yilda bizning Samarqand davlat universitetida talabalar soni 6000 dan ziyod edi. Hozirga kelib 30000 ga yaqinlashdi va keyingi 3 yilda 11 ta o‘quv va labaratoriya binolari, yotoqxonalar qurilishi davom etmoqda. Mazkur inshootlar asosan byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qurilmoqda va ushbu bunyodkorlik ishlariga moliyaviy imkoniyat yaratilganligini ham alohida ta’kidlash kerak. Hozirda universitetimizning Kattaqo‘rg‘on va Urgut filliallari faoliyatini boshladi. Shuningdek, Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi hamda Muhandislik fizikasi institutlariga bu yil birinchi marta qabul e’lon qilindi.
Hozirgi vaqtda yurtimizda “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan g‘oya asosida maktab ta’limi tizimida ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahrida va hududlarimizda Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar soni ko‘payib bormoqda. “Besh muhim tashabbus” dasturi, “Barkamol avlod” markazlari doirasida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun turli to‘garaklar tashkil etilib, yuz minglab bola qamrab olinmoqda. Shuningdek, ta’lim muassasalari, kutubxona va o‘quv markazlariga 100 mingdan ziyod san’at va sport inventarlari, kompyuterlar, 600 mingdan ortiq kitoblar yetkazib berildi.
Inson – davlat va jamiyat uchun maqsadga erishish vositasi emas, aksincha, ana shu maqsadning bosh mazmuni va manbai hamda eng oliy qadriyat bo‘lishi lozim. Olti yil oldin “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida islohotlar poydevoriga tamal toshi qo‘yilgan edi. Endilikda ushbu yondashuvni hayotimizda bosh qadriyatga aylantirish qoldi, xolos.
Shubhasiz, yangilanayotgan O‘zbekiston barqaror iqtisodiyot, erkin va farovon hayotga ega, jahonda hurmat-e’tibor qozongan, o‘zi tanlagan taraqqiyot yo‘lidan izchil rivojlanib borayotgan mamlakatga aylanadi. Mehnatkash, olijanob xalqimiz barcha sohalarda yanada ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritaveradi.
Sunnatullo Muxiddinov,
Samarqand davlat universiteti
Samarqand tamadduni tarixi kafedra mudiri