Samarqand davlat universitetida “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” haftaligi doirasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonova, Samarqand davlat universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Shahzoda Negmatova hamda SamDU ixtirochi ayollar va olimalar jamoatchiligi ishtirok etdi.

    Davra suhbatini viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonova kirish so‘z bilan ochib, so‘nggi yillarda ilm-fan va innovatsiya sohasida faol ishtirok etayotgan, yangi ixtiro va startap loyihalari bilan jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘lgan ayollar faoliyati haqida to‘xtaldi. Jamiyatda tobora mustahkam o‘rin egallab borayotgan ayollarning ilm-fan sohasida ham o‘z o‘rniga ega bo‘lishlari lozimligini ta’kidlab, “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” haftaligi bu borada muhim qadam bo‘layotganini aytib o‘tdi.

    - Ilm-fan va innovatsiya sohasida erishilgan har bir yutuq, kashf etilgan har bir ixtiro nafaqat inson, balki u orqali davlat va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi, - deydi SamDU yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Shahzoda Negmatova. - Bu kabi tadbirlar ushbu sohada ayollar o‘rnini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Samarqand davlat universitetida bugungi kunda 296 nafar ayol professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shundan 6 nafari fan doktori, 54 nafari fan nomzodi, 43 nafari falsafa doktori, 4 nafari kafedra professorlaridir. So‘nggi yillarda SamDU olimalari tomonidan ishlab chiqilayotgan innovatsion loyiha va g‘oyalar, berilayotgan takliflar respublika jamoatchiligini befarq qoldirayotgani yo‘q. Ushbu haftalikda ishtirok etayotgan 100 ayol ixtirochidan 15 nafari Samarqand davlat universiteti ayol olimalari va talabalari hisoblanadi.

    Shuningdek, tadbir davomida intellektual mulk obyektlariga muhofaza hujjatlarini olish tartiblari bo‘yicha o‘quv-seminar darslari tashkil etilib, unda ixtirochi ayollar uchun intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, patent olish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.  Shundan so‘ng davra suhbati ishtirokchilari ixtirochi va tadbirkor ayollar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ular tomonidan yaratilgan, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni patentlash, tashqi bozorlarga olib chiqish bo‘yicha fikr va takliflarini muhokama qildi.

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.