Samarqand davlat universiteti maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti talabasi Mohigul Erkinova universitetning iqtidorli talabalaridan. Intiluvchanligi, betakror hunari va tirishqoqligi ortidan hayotda va o‘qish jarayonida bir qator muvaffaqiyatlarga erishgan. Mohigul bo‘sh vaqtida izalondan gul yasash bilan shug‘ullanadi. O‘tgan yilda “Hunarmand  ayol” respublika ko‘rik-tanovida faol ishtirok etib sovrindor bo‘lgan. Shuningdek, respublika bo‘yicha o‘tkazilgan “Xotin-qizlarning eng yaxshi start-up loyihasi” tanlovining yakuniy bosqichida “Noan’anaviy tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi start-up loyiha” nominatsiyasi g‘olibligini qo‘lga kiritgan. Yaqinda “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” haftaligida Samarqand davlat universitetidan qatnashgan 15 nafar ishtirokchidan biri sifatida o‘z loyihasi bilan muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

    -Hunar insonni hamisha yuksak va xayrli manzillarga yetaklashi rost, - deydi Mohigul Erkinova. - Shu kunga qadar ozmi-ko‘pmi nimagadir erishgan bo‘lsam hammasi hunarim tufayli bo‘ldi. Uch yildan buyon hunarmandchilik bilan shug‘ullanaman. Asosan izalon va mergament materiallaridan sovg‘a, uy bezaklari va chiroq sifatida foydalaniladigan gullar, turli esdalik buyumlari yasash bilan shug‘ullanaman. Bugungi kunda ushbu hunarim yaxshi daromad manbaiga aylangan. Bir kunda hajmiga qarab 2tagacha gul yasash mumkin. Oylik daromadim o‘rtacha 1 million so‘m. “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” haftaligi men uchun juda foydali bo‘ldi. O‘rgangan narsalarim orqali endilikdagi faoliyatimda yanada yuksak marralarga erishishimga ishonaman.

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati