Zirabuloq makoni haqida bilasizmi?

Samarqand viloyati hududida topilgan tosh davriga oid noyob yodgorliklardan biri Zirabuloq makoni hisoblanadi. Zirabuloq topilma joyi Ziyovuddin tog‘lari etaklaridagi shu nomli chashma atrofida, Qo‘tirbuloq makonidan 1,5 km. sharqroqda, dengiz sathidan 475 m. balandlikda joylashgan. Yodgorlikni qazish ishlari 1972, 1978 va 1984-yillarda Samarqand davlat universiteti dotsenti Ne’mat Toshkenboyev tomonidan amalga oshirilgan. Yodgorlik hududida uchta shurf qazilgan. Biroq yodgorlik haqida to‘liq maʼlumotlar chop etilmagan, faqatgina madaniy qatlamlar o‘rta asrlardayoq buzilib ketgan deyilgan xolos. Zirabuloq haqidagi maʼlumotlar arxeolog L. Vishnyaskiy taʼkidlanishicha, Zirabuloqning tosh buyumlari G‘arbiy Yevropaning klassik yodgorliklari materiallariga o‘xshashdir. Tilga olingan har ikkala tadqiqotda ham Zirabuloq, Qo‘tirbuloq topilmajoyi materiallariga o‘xshash va davriy jihatdan uning bilan sinxron, yaʼni mustye davriga oid deb topilgan. Biroq, arxeolog Baxtiyor Sayfullayev tomonidan olib borilgan tadqiqotlarda yodgorlik tosh buyumlari yasalish texnikasiga ko‘ra, o‘rta paleolit, so‘nggi paleolit va mezolit davri komplekslariga ajratildi.
Odil Ergashev,
Samarqand davlat universiteti
arxeologiya kafedrasi dotsenti