Talabaga madad qanday loyiha va kimlarga beriladi?

Yoshlarning ta’lim olishiga ko‘maklashish maqsadida “Temir daftar”ga kiritilgan oila farzandlari va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha yillik xarajatlarini to‘lab berishga qaratilgan loyiha. U Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 250-son hamda 450-son qarorlariga muvofiq 2021-yilning 18-oktyabrdan boshlab ishga tushirildi.
“Talabaga madad” loyihasi tomonidan Samarqand davlat universitetida 805 nafar talabani kontrakt toʻlovlari toʻlab berildi.
To‘lov shartnoma puli kimlarga to‘lab beriladi?
“Talabaga madad” loyihasi tomonidan to’lov shartnoma pullari “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlari, mehribonlik uylari, bolalar shaharchasi bitiruvchilari, ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, vasiylikka olingan yoshlar, to‘liq bo‘lmagan oila (yolg‘iz ona, ota)ning farzandlari, oila boquvchilarining kamida bittasi birinchi guruh yoki har ikkalasi ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan oila farzandlari, I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan yoshlar, jazoni ijro etish muassasalaridan jazo muddatini o‘tab chiqqan yoshlar, “ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oila farzandlari, ota-onasidan biri yoki har ikkisi yoshga doir pensioner bo‘lgan yoshlar, yosh er-xotin talabalar, oilasida ikki yoki undan ortiq farzand kontrakt asosida o‘qiyotgan oila farzandlariga to‘lab beriladi.
Ushbu loyihada bakalavriatning kunduzgi, sirtqi, kechki va maxsus sirtqi yo‘nalishlari hamda magistraturaning kunduzgi yo‘nalishida o’qiydigan talabalarga to‘lab berilishi nazarda tutilgan.
To‘lov shartnoma pulining qancha qismi to‘lab beriladi?
To‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha yillik xarajatlarini to‘lab berish tuman, shaharlardagi “Yoshlar daftari” jamg‘armasiga viloyat budjetining orttirib bajarilgan qismidan tushiriladigan mablag‘lar hisobidan vasiylik kengashi qaroriga muvofiq to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lab beriladi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati