Ijodiy imtihon kurash turlari bo‘yicha o‘tkazilib, talabgorlar belgilangan baholash mezoni asosida o‘zini-o‘zi yiqilishdan himoya qilish, oyoq, qo‘l hamda gavda yordamida bajariladigan uslublar, yengidan va yoqasidan ushlab yelkadan oshirish, kombinatsiya yordamida bajaradigan uslublar, 30 metrga yugurish va turnikka tortilish mashqlarini bajarib ko‘rsatdilar.

    Imtihon Chirchiq davlat pedagogika universiteti, Buxoro davlat universiteti va Termiz davlat universitetining professor-o‘qituvchilari tomonidan adolatli va shaffof tarzda o‘tkazilib, you tube kanali orqali jonli efirga uzatildi. Shuningdek, jarayonlar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining mutasaddilari tomonidan nazorat qilib borildi.  

    - O‘sh davlat universitetining jismoniy madaniyat fakultetidan Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakultetiga o‘qishimni ko‘chirish maqsadida hujjatlarimni topshirganman, - deydi talabgor Rahmon Xudoyberdiyev. – Kurash turlari yo‘nalishi bo‘yicha ijodiy imtihonlarni topshirib chiqdim. Sport bilan shug’ullanib kelayotganligim sabab, imtihon menga hech qanday qiyinchilik tug’dirmadi. Imtihonlar adolatli va shaffof tarzda o‘tmoqda.  Endilikda nazariy bilimlarimni sinovdan o‘tkazib, Samarqand davlat universitetining talabasi bo‘lishimga ishonaman. Barchaga omad!

    - Muxtor Avezov nomidagi Janubiy-Qozog‘iston davlat universitetidan o‘qishimni ko‘chirmoqchiman, - deydi talabgor Oybek Xolmo‘minov. – Bugungi imtihon jarayonlari kutganimdan ham a’lo darajada o‘tmoqda. Boshqa oliy ta’lim muassasining professor-o‘qituvchilari tomonidan imtihonning olinishi jarayonlarning shaffof tarzda o‘tayotganligidan dalolat beradi. Qolaversa, bajargan mashg’ulotlarimizning natijalarini shu paytda e’lon qilinishi, bizni ortiqcha shubha va gumondan xalos etadi. Barcha tashkilotchilarga minnatdorligimni bildiraman…

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.