yoki oilali talabalar taqdiri...

    Buyuk Britaniyada talaba-onalar...

    Buyuk Britaniyada farzandli bo‘lgan talabaga eng kamida 2 haftalik ta’til beriladi. Shuningdek, ota bo‘lgan talaba ham 1-2 haftalik ta’til olishi mumkin. Universitetlar talabaning yosh bolali bo‘lishi ta’lim olishga to‘siq bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. 

    Mazkur toifadagi talabalarga  qulay sharoit yaratib beradi. Talaba tomonidan to‘ldirib berilgan onalik rejasi hujjatiga muvofiq farzandli bo‘lgan talaba ona yoki talaba ota muayyan muddatli ta’tilga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

    Angliya universitetlarida yosh bolali talabalarning va o‘qituvchilarning farzandlari uchun bog‘cha tashkil qilingan. Ushbu bog‘chalar uch oylikdan to maktab yoshigacha bo‘lgan bolalar uchun xizmat ko‘rsatadi. Talaba farzandini o‘zi bilan birga darsga olib kelib, uni universitetning maxsus bog‘chasida qoldirishi, mashg‘ulotlar tugagach yana olib ketishi yo‘lga qo‘yilgan. Homilador yoki yosh bolali talaba-qizlar uchun alohida dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra akademik standartlarni buzmagan holda talaba-onaning o‘qishi uchun mos sharoit qilib beriladi. Bu holatda ular ikki xil ta’til shakllaridan birini tanlaydi. Birinchisi, 2 haftalik qisqa ta’til bo‘lsa, ikkinchisi, bola parvarishi uchun beriladigan bir yillik ta’til. Talaba ulardan birini tanlab, o‘qishini davom ettiraveradi

    Amerikada oilali talaba-qizlar...

    Amerika oliy ta’lim muassasalarida yosh onalar uchun maxsus psixologik va amaliy kurslar hamda maslahat markazlari xizmat ko‘rsatadi. AQSH ning aksariyat universitetlarida ham talabalar farzandlari uchun maxsus bog‘chalar mavjud. Qolaversa, barcha sohalardagi muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan yosh onalar portali oilali talaba-qizlar uchun nihoyatda foydali.

    Yuqorida keltirilgan misollar rivojlangan davlatlar tajribasidan bir shingil xolos. Xo‘sh, O‘zbekistonda yosh farzandi bor talabalar uchun qanday imkoniyatlar bor?

    O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, talaba xotin-qizlar homiladorlik va  bola parvarishi uchun akademik ta’til olishlari, tug‘uruqdan keyingi qisqa ta’tilga chiqishlari yoki o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha sirtqi yoki masofaviy ta’lim shakli mavjud bo‘lsa, o‘qishini o‘zi uchun qulay shaklga o‘tkazishlari mumkin. Lekin deyarli hech bir universitet yoki institutda yosh bolali talabalarning farzandlariga xizmat ko‘rsatadigan bog‘chalar mavjud emas.

    Hozirda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan oilali talaba qizlarning ta’limdagi ahvolini u qadar ham yaxshi deb bo‘lmaydi. Ko‘p hollarda o‘qishdagi mas’uliyat va bola parvarishi jarayonidagi majburiyatlarni tartibga solish ularning qo‘lidan kelmaydi. Natijada ruhiy zo‘riqish va o‘qishda passivlik holatlari kuzatiladi. Oilali talaba-qiz asosiy vaqtini oilasi uchun sarflaydi, undan qolgan qismi esa dars va o‘z ustida ishlashga ketadi. Tabiiyki, bu jarayonda ko‘pincha darslarning “haqiga xiyonat qilinadi”. O‘qish va oilaviy munosabatlarni muvozanatda ushlab turish talaba-qizning oldida turgan asosiy vazifa, shu bilan birga davrning dolzarb muammosidir.

    Sharofat To‘xliyeva, Samarqand davlat universiteti xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi raisi, rektor maslahatchisi:

    -Faoliyatimiz yuzasidan talaba-qizlar orasida yurib, ularni qiynayotgan muammolarni eshitib, imkon doirasida hal qilishga harakat qilamiz. Shu kunga qadar, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashiga eng ko‘p murojaat qilganlar oilali, yosh farzandi bor talaba-qizlardir. Kengash hamisha ularni qo‘llab-quvvatlashga, qonun me’yorlariga muvofiq yordam berishga tayyor. Murojaatlarning aksariyati talabaning o‘ziga berilgan vazifani vaqtida bajarmagani, ko‘p dars qoldirgani sabab yuzaga kelgan muammolar bo‘lsa, bir qismi ta’lim tizimida oilali talaba-qizlarga beriladigan imtiyozlarning kamligi bilan bog‘liq. O‘ylaymanki, endi bunday bo‘lmaydi. Bugun oliy ta’limdagi qizlar uchun yaratilgan har bir imkoniyat nafaqat bir qizga u orqali bir oilaga, butun bir jamiyatga berilgan imkoniyat, qilingan yaxshilikdir. Ilgari qizlarning magistraturada o‘qishi anchayin qiyin edi va kam kuzatilardi. Axir, qiz to‘rt yil davomida shartnoma pulini to‘lab kelgan oilaga botinib “magistraturada o‘qiyman” deyolmasdi-da. Endi bu muammo bo‘lolmaydi. Chunki magistratura bosqichida tahsil olayotgan qizlarning shartnoma puli davlat hisobidan qoplanadi.

    Dildora Sulaymonova, Samarqand davlat universiteti psixologiya va ijtimoiy munosabatlar fakulteti o‘qituvchisi, psixolog:

    - O‘zbek xalqiga xos  odatlar yoki millatimiz ongiga singib ketgan stereotiplarga ko‘ra, qiz farzand tarbiyalanayotgan oilada “qiz bolani tengi chiqsa tekin ber” qabilida ish tutadilar. Men psixolog-pedagog sifatida bunga qarshiman. Chunki qizni hali o‘qishni tugatmay turib uzatish bu uning ham ilm olishiga ham psixologiyasiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Nimaga deganda oddiy qiz bilan turmushga chiqqan talaba qizning o‘rtasida katta farq bo‘ladi. O‘sha turmushga chiqqan talaba qizning xayoliga bir razm solsangiz, “bugun bu ishni qilishga ulgurolmadim, qaynonamdan gap eshitmasam bo‘ldi”, “farzandim kechasi bilan isitmalab chiqdi, hozir yaxshimikan”, “bugun turmush o‘rtog‘im bilan mehmonga borishimiz kerak edi, ikkinchi darsdan qanday javob olsam ekan” degan xayollar bilan darsda o‘tirganiga guvoh bo‘lasiz. To‘g‘ri, inson tafakkuri juda yaxshi rivojlangan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida ko‘p ishlarga vaqt ajrata olishi, astoydil harakat qilsa hamma narsaga ulgurishi mumkin.  Lekin buning ham o‘z chegarasi bor. Ayniqsa homilador talaba qizlarimizga qiyin, chunki bu davrning juda nozik davr ekanligini hisobga olsak, ular tashqi ta’sirga juda tez beriluvchan va asabiy bo‘lib qolishi, oila va o‘qishga bir vaqtning o‘zida ulguraman deb salomatligiga zarar yetkazishi mumkin. Bu holatda qanday qilib ta’lim olib bo‘ladi?! Ayniqsa bugungi kunda ta’lim sifatini yaxshilash va malakali kadrlar tayyorlash asosiy maqsadimizga aylangan. Yoshlarimiz zimmasiga katta mas’uliyatlar yuklangan va oliy ta’limga qo‘yiladigan talablar ham oldingidek emas. 

    Psixolog sifatida qabulimga kelgan talaba qizlarning asosiy qismi turmushga chiqqan talabalar bo‘lishadi. Ulardagi asosiy muammo asabiylik, oila va o‘qishga birday ulgurolmaslik ortidan kelib chiqqan muammolar, shuncha o‘qisa ham esda saqlab qololmaslik va shunga o‘xshash masalalar.  Bularning eng asosiy sabablaridan biri ish hajmining ko‘pligi, o‘qish, oila, farzand, uy yumushlari... Bir vaqtning o‘zida shuncha narsaga urgurishga bo‘lgan urinish har qanday insonni ruhiy charchatib qo‘yadi.  Eng yomoni juda qattiq stresslar natijasidagi psixosomatik kasalliklar yuzaga kelishi mumkin. Men bu bilan turmushga chiqqan talaba qizlarni shunday qismat kutyapti, demoqchi emasman. Albatta qizlarimizni qo‘llab-quvvatlab turadigan va eng muhimi talaba-qizni tushunadigan yaqinlari bo‘lsa, u hammasini uddalaydi.

    Maftuna Bozorqulova, Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti talabasi. Ayni paytda Janubiy Koreyaning Sunchunyang universitetida tahsil oladi.

    - Men tahsil oladigan Sunchunyang universitetida rivojlangan davlatlar tajribasiga mos tarzda yosh bolali talabalar uchun bir qator qulayliklar mavjud. Jumladan, ular uchun darslar masofaviy shaklga qo‘yib berilishi mumkin. Universitet kampusida talaba va o‘qituvchi-xodimlarning farzandlari uchun xizmat ko‘rsatadigan bog‘chalar faoliyat yuritadi. Yosh bolali talabalar qulay chegirmalar asosida farzandlarini berishi mumkin. Qolaversa, bu bog‘chalar universitetning maktabgacha ta’lim fakulteti talabalari uchun amaliyot joyi vazifasini o‘tash bilan birga universitetning qo‘shimcha daromad manbai ham hisoblanadi.

    Muxtasar aytganda, vaziyat har qanaqasiga tahlil qilinmasin, yosh bolali talaba-qizlarning ta’limdagi ahvoli, berilgan topshiriq va vazifalarni bajarishdagi holati boshqa oddiy talabalardan farq qiladi. Qizlar ta’limida yaratilgan har bir imkoniyat va yangilik mohiyatida, avvalo, kelajak avlod tarbiyasi qo‘lida bo‘lgan millat qizlarining ilm olishi yotibdi. Zero, oliy ma’lumot olgan, ilmli, ziyoli xotin-qizlar ma’rifatli avlod tarbiyalashning bosh sababchilaridir. Shunday ekan, ularni hamisha qo‘llab-quvvatlash, sifatli ta’lim olishlari uchun sharoit yaratish jamiyatning muhim vazifasi bo‘lishi kerak.

 

 Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi