“Sport menga yashashni o‘rgatdi...”

Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi, qo‘l jangi sporti bo‘yicha Jahon chempioni Nilufar Polvonova bilan suhbat
-Qo‘l jangi sport turini tanlashingizga sabab nima?
-Mahallamizda ochilgan sport maktabida qo‘l jangidan murabbiy qiz bola edi. 12 yoshimda shu kichik sabab bilan sport maktabiga qatnay boshladim. Keyin ushbu sport turi hayotimning bir qismiga aylandi. Universitetga o‘qishga kirgan vaqtim deyarli yutuqlarim bo‘lmagan. Kursdoshlarim orasida sport ustalari, jahon va osiyo chempionlari ko‘p edi. Chempionlarga chin dildan havas qilib, ular kabi bo‘lishga intilib, bugungi darajaga yetib keldim. Shu sababli yutuqlarimda universitetimizning alohida o‘rni bor.
-Eng esda qolarli g‘alabangiz qaysi?
- Hayotimda erishgan ilk g‘alabam viloyat chempionatida 1-o‘rinni olganman. Bu voqea bir umrga yodimda qolgan. 14 yoshimda viloyat kubogida g‘olib bo‘lganimdan keyin O‘zbekiston chempionatida qatnashib uchinchi o‘ringa loyiq ko‘rildim. 16 yoshimda O‘zbekiston chempioni nomiga sazovor bo‘ldim. Joriy yilning may oyida Buxoroda o‘tkazilgan Jahon chempionatida ishtirok etib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritdim. O‘zi umuman har bir g‘alabam men uchun esda qolarli va unutilmas bo‘ladi.
-Muvaffaqiyatingizning siri nimada?
-Qo‘llab-quvvatlash! Har bir musobaqa oldidan otam qo‘ng‘iroq qilib, yutish va yutqazish haqida o‘ylamasligimni tayinlaydi. Eng muhimi raqibga qaraganda kuchli bo‘lish va chiroyli ishtirok. Janglarim davomida faqat shu haqda o‘ylayman. Shuningdek, sabr-matonat, mustahkam iroda va yaqinlarning qo‘llab-quvvatlashi ham muhim omil. Ularsiz muvaffaqiyatga erishish qiyin.
-Mag‘lubiyatni qanday qabul qilasiz?
-Albatta, to‘g‘ri qabul qilaman. Xafa bo‘lish, tushkunlikka tushish men uchun begona. Qayerdadir xato qilgandirmanki, shunday bo‘lgan. Mag‘lubiyat men uchun o‘z ustimda yana ishlashim va o‘zim kutgan marraga erishgungacha hali borligini anglatadigan tushuncha.
-Sport siz uchun nima?
-Sport – butun hayotim. Boshqa ta’rifga hojat yo‘q...
-Sportni tark etish haqida o‘ylagan vaqtingiz bo‘lganmi?
- Musobaqalardan birida qattiq jarohatlandim. Yaqinlarim ahvolimni ko‘rib juda qiynalishdi. Onam kechalari tepamda o‘tirib tinmay yig‘lab chiqardi. Sog‘ayganimdan keyin ular sport bilan shug‘ullanishimni qat’iy ta’qiqlab qo‘ydilar. Ammo, sportsiz hayotim xuddi rangsiz bo‘lib qolganday, hech narsaga ishtiyoq va qiziqishim qolmadi. Buni ko‘rgan otam onam bilan gaplashib, sport bilan shug‘ullanishimga ko‘ndirdi va men yana sportga qaytdim.
-Sport sizga nima berdi?
-Avvalo, o‘z-o‘zimga ishonch berdi. Sport menga yashashni o‘rgatdi, hayotim mazmuniga aylandi. U shunday mashg‘ulotki, unga e’tibor va vaqt ajratmasangiz, kuch sarflamasangiz sizga hech qanday natija bermaydi. To‘g‘ri, kezi kelganda oila va do‘stlar uchun vaqt topolmaysiz, ammo erishgan har bir muvaffaqiyatingiz buning o‘rnini bosa oladi.
-Kelajakdagi rejalaringiz?
-Shu kunlarda sentyabr oyida Rossiyada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan jahon kubogida ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘ryapman. Unda ishtirok etib yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarish asosiy maqsadim. Kelgusida yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan olimpiada va jahon chempioni bo‘lish, jahon maydonlarida, g‘oliblik shohsupalarida madhiyamiz sadolari yangrashiga sababchi bo‘lish eng katta orzuyim.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova suhbatlashdi