Samarqand sammiti dozlarb mintaqaviy va global mavzularga boy kun tartibiga ega bo‘lishi kutilmoqda

Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov ishtirokida navbatdagi brifing o‘tkazildi.
–Hafta boshida shu kunlardagi muhim tadbir – Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti haqida qisqacha ma’lumot bergan edik. Bugun sammit doirasidagi tadbirlar boshlanayotganini inobatga olib, sizlar bilan yana bir bor uchrashishga qaror qildik,– dedi Sh.Asadov. – Bugun ertalabdan Samarqand shahriga xorijiy mehmonlar kelishni boshladi. Xususan, hozirgina ilk mehmonimiz – Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Samarqandga yetib keldi. Shuningdek, ayni daqiqalarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Rozmari Di Karloning tashrifi kutilmoqda.
Xabar berilganidek, bugun Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning rasmiy tashrifi boshlanadi. U Samarqandga kunning ikkinchi yarmida yetib keladi, oliy darajadagi muzokaralar bugunning o‘zida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv yakunida savdo, kooperatsiya, innovatsiyalar, transport, energetika, turizm va boshqa yo‘nalishlarda hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, bugun kunning ikkinchi yarmida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovlar ham Samarqandga yetib keladi.
Qolgan barcha mehmonlar tashrifi esa ertaga, 15-sentyabr kuni kutilmoqda. Va shu kuni ko‘plab ikki tomonlama muzokaralar rejalashtirilgan. Kechga yaqin SHHT sammitining norasmiy tadbirlari boshlanadi.
Asosiy tadbir esa 16 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida yangi turizm markazidagi Kongress xolda bo‘lib o‘tadi.
Samarqand sammiti dolzarb mintaqaviy va global mavzularga boy kun tartibiga ega bo‘lishi, uning yakunlari bo‘yicha SHHT doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kuchaytirish imkonini beruvchi muhim, qolaversa, tarixiy ahamiyat kasb etuvchi qarorlar va hujjatlar bo‘lishi kutilmoqda.
Sammit SHHT o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda ochiq va keng hamkorlikni ilgari suruvchi, davlatlar o‘rtasida do‘stona, o‘zaro teng huquqli va manfaatli serqirra aloqalarni kengaytirishga xizmat qilayotgan nufuzli tashkilot ekanligini tasdiqlab berishi kutilmoqda.