Ushbu konferensiya Samarqand, Bursa va Anqara shaharlari tarixini Sulton Yildirim Boyazid va Amir Temur atrofida markazlashtirgan holda Turkiya va O‘zbekistonda hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishni maqsad qilgan.

    Amir Temur va Sulton Yildirim Boyazid bilan bog‘liq tarixiy voqealar o‘rganilar ekan, bu ikki buyuk shaxslar bir-biriga qarama-qarshi qo‘yib  kelindi. Natijada bu borada salbiy qarash shakllandi.  Holbuki, Amir Temur va Sulton Yildirim Boyazid bir-biriga qarshi hukmdorlar sifatida emas, ilm-fan, san’at, adabiyot, me’morchilik va madaniyat sohalarida yuksak sivilizatsion aloqalarni o‘rnatgan tarixiy shaxslar sifatida bugungi Turkiya-O‘zbekiston aloqalarining shakllanishida alohida o‘rin tutadi.

    “Sulton Yildirim Boyazid va Amir Temur” xalqaro konferensiyasi, avvalo, ikki qardosh davlat Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga hissa qo‘shish, tarix, adabiyot, san’at, madaniyat, iqtisodiyot va falsafa sohalarida hamkorlikni oshirish maqsadlarini ko‘zda tutadi.

    Simpozium tufayli Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida yaqin aloqalar va hamkorlik tarixi tadqiq etiladi. Uning bizga ma’lum va noma’lum tomonlari keng jamoatchilikka taqdim qilinadi. Bu birinchi navbatda ikki qardosh davlat Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, tarix, adabiyot, san’at, iqtisodiyot, falsafa va diniy ilmlar tarixi sohalarida hamkorlik va hamjihatlikni oshirishga yordam beradi. Anjuman so‘ngida  ishtirokchilar ma’ruzalarini chop etish va ilm-fan olamiga taqdim etish ham rejalashtirilgan.

    Ali Asqarxon Qosimov, Anqara Yildirim Boyazid universiteti katta ilmiy xodimi, Islomiy ilmlar qo‘llanma va tadqiqotlar markazi direktori o‘rinbosari, “Sulton Yildirim Boyazid va Amir Temur” xalqaro simpozium tashkiliy qo‘mitasi a’zosi:

    -Har bir davr tarixi o‘rganilar ekan, mavjud xronologiyalarda asosan urushlar aks etadi. Amir Temur va Yildirim Boyazid o‘rtasidagi munosabatlar o‘rganilayotganda ham aksariyat hollarda madaniy aloqalar, taraqqiyotlararo almashinuv tushunchalari chetda qoladi.

    Bugungi siyosiy muvozanat sharoitida O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarini samarali yo‘lga qo‘yishda bunday tarix haqiqatlarini tiklash, yanada chuqur o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi.

    “Sulton Yildirim Boyazid va Amir Temur” xalqaro anjumani Anqara Yildirim Boyazid universiteti tashabbusi bilan tashkil etilmoqda. Joriy yilning may oyida simpozium tashkiliy qo‘mita a’zolaridan iborat bir guruh vakillar bilan anjumanni tashkil etishda O‘zbekistonda hamkor bo‘la oladigan universitetlar bilan kelishish maqsadida O‘zbekistonga keldik va Samarqand davlat universiteti, “Ipak yo‘li” turizm universiteti, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi va boshqa ko‘plab tadqiqot institutlari vakillari bilan uchrashdik. Olib borilgan muzokaralar natijasida Samarqand davlat universiteti asosiy hamkor sifatida tanlandi.

    Anjuman O‘zbekistonning Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, davomiy qismi Turkiyaning uchta shahri Bursa, Istanbul va Anqara shaharlarida bo‘lib o‘tadi.

    Anqara Yildirim Boyazid universitetining Samarqand davlat universiteti bilan hamkorligi 2020-yildan boshlangan. Ayni shu yilda Anqara Yildirim Boyazid universiteti rektori Ibrohim Aydinlining O‘zbekistonga birinchi safari chog‘ida O‘zbekistonning 8 universiteti bilan hamkorlik o‘rnatilgan. Samarqand davlat universiteti ularning asosiysi hisoblanadi.

    Universitet atrofidagi hududlar tarixiy hudud bo‘lgani uchun yaqinda Anqara Yildirim Boyazid universiteti doktori Siddik Chalik boshchiligida tarix fakulteti jamoatchiligi bu joylarda qazishma ishlarini olib borishga patent qo‘lga kiritdi. Endilikda qariyb 2 million kvadrat metr maydonda arxeologik qazishma ishlarini olib borish rejalashtirilmoqda. Ushbu qazishma ishlari natijasida agar O‘zbekiston tarixiga oid namunalar  topiladigan bo‘lsa, Samarqand davlat universiteti vakillari bilan birgalikda o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishish ham maqsad qilingan.

    Simpozium tashkiliy guruh a’zolari: Anqara Yildirim Boyazid universiteti doktori Siddik Chalik, Mersin universiteti dosenti Tuba Tombulog‘lu bilan anjumanning oliy darajada o‘tishini ta’minlash maqsadida  tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz.

    Rejaga ko‘ra, 14-oktyabr kuni simpoziumning asosiy ishtirokchilari Buxoroga yetib keladi. Shundan keyin anjuman Buxorodagi faoliyatini boshlaydi. Bunda Buxoroning tarixiy obidalarini tomosha qilish, diniy ilmlar tarixiga oid manbalarni o‘rganish rejaga kiritilgan. 17-18-oktyabr kunlari anjumanning ochilish marosimi va asosiy tadbirlari Samarqandda o‘tkaziladi. 20-oktyabrda ishtirokchilar Toshkentda Amir Temur muzeyida bo‘ladilar. 22-26-oktyabr kunlari simpozium Turkiyada davom etadi. Anjumanning ushbu qismida O‘zbekistondan 15 nafar vakil ishtirok etishi belgilangan.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi

Iroda Bekmurodova yozib oldi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.