Farzandi o‘qimishli bo‘lishiga intilgan ota-onaga ehtirom ...

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetiga yangi o‘quv yilida grant asosida talabalikka tavsiya etilgan yoshlarning ota-onalariga Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodovning Tashakkurnomalarini topshirish davom etmoqda.
Pastdarg‘omning olis Parchaqora qishlog‘idan bugun yana bir o‘qimishli inson yetishib chiqish arafasida turibdi. Albatta, buni amalga oshirish oson bo‘lgani yo‘q. Farzandini o‘qitish, uni kundalik ishlardan ortib, o‘qishi uchun alohida imkoniyat yaratib berayotgan ota-ona esa haqiqiy qahramondir.
Axir bugungi globallashuv davrida jamiyat ilm va salohiyatga ega bo‘lgan harakatchan yoshlarga doimgidan ko‘ra ko‘proq mushtoq. Samarqand davlat universiteti rektorining tashabbusi bilan farzandlarining ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlayotgan ota-onalar rag‘batlantirib, mahallaga, yoshlar esa o‘z maktablariga o‘rnak sifatida ko‘rsatilmoqda.
Ana shunday muhim tadbirlardan biri SamDU tarix fakultetiga davlat granti asosida qabul qilingan Xushnud Toshtemirovning ota-onasi Dilshod Xushvaqtov va Matluba Usmonovalarning xonadonida bo‘ldi.
Farzandiga hozirdan berilayotgan alohida e’tibor va mahalla oldidagi bunday e’tirofni ko‘rgan Xushnudbekning onasi o‘z hayajonini yashirib o‘tirmadi. O‘g‘lining o‘qishidan mamnunligini, hali uning orzulari ko‘pligini va o‘qituvchilaridan minnatdorligini aytdi.
- Men bu oilani yaxshi bilaman, - deydi Parchaqora mahallasi raisi Ilg‘or Yunusov. – Har kun ertalab mahallamizni ko‘zdan kechirgani chiqqanimda shu xonadonning oldidan o‘tardim. Xushnudbek tong paytlari ko‘chada kitob o‘qib turganiga beixtiyor ko‘zim tushardi. Lekin necha marta duch kelgan bo‘lsak, besalom yonimdan o‘tmagan. Uning tarbiyasini mana shundan ham bilib olsak bo‘ladi. Bugun bakalavr, ertaga magistratura, undan keyin balki doktoranturaga kirar. Xullas, Xushnudbek mahallamizga, tumanimizga, vatanimizga foydasi tegadigan yaxshi yigit bo‘lishiga ishonaman.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.