SamDU tadqiqotchisi “O‘zbekistonning TOP-100 lider yoshlari” safida...

Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti doktoranti Roza Shukrullozoda Ziyo Forum tomonidan tashkil etilgan “O‘zbekistonning TOP-100 lider talabalari” ro‘yxatida e’tirof etildi. Ushbu ro‘yxatga ilm-fan, sport va ijtimoiy hayotda faol bo‘lgan yoshlar kiritilib, ularning faoliyat haqida ma’lumotlar yoritilgan almanax tuzildi.
Tadqiqotchi “Samarqand viloyatida tarqalgan madaniy lolalarning ba’zi ajdodlarini mikroko‘paytirish biotexnologiyasi” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Shu kunga qadar 10 dan ortiq maqolalari respublika va xalqaro ilmiy nashrlarida chop etilgan. Ilmiy rahbari Samarqand davlat universiteti professori, biologiya fanlari doktori Xislat Haydarov.
-Ilmiy ishimda Samarqand viloyatida tarqalgan madaniy lolalarning ba’zi ajdodlarini in-vitro uslubida ko‘paytirish biotexnologiyasini o‘rganyapman, - deydi Roza Shukrullozoda. - Tadqiqot obyekti sifatida lolaning 2 turi tanlab olingan. Hozirda ushbu o‘simlik turlarini ko‘paytirish ustida ishlayapmiz. Tadqiqot ishim bugungi o‘simliklar biologik xilma-xilligini saqlash va undan barqaror foydalanishni ta’minlash, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni rivojlantirish muhim vazifa hisoblangan tabiiy sharoitda alohida ahamiyatli hisoblanadi. Tabiiy ekologik tizimlarning tanazzulga uchrashi sur’atlarini pasaytirish, hayvonlar va o‘simliklarning kamyob va yo‘qolib borayotgan turlarini qayta tiklash sohasidagi xalqaro munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan vazifalarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Ilm-fanda erishgan ozmi-ko‘pmi yutuqlarim natijasida o‘tgan yili Samarqand viloyati hokimi stipendiyasi sovrindori bo‘ldim. Yaqinda Ziyo Forum tomonidan tuzilgan “O‘zbekistonning TOP – 100 lider talabalari” almanaxi loyihasi qahramonlaridan biri sifatida kuchli 100 talikka kirishga muvaffaq bo‘ldim. Ushbu loyiha haqida grantlar.uz sayti orqali xabar topganimda, qatnashish istagi paydo bo‘lgandi. So‘ng kerakli ma’lumotlarni to‘ldirib, ariza yubordim. Ma’lum vaqt o‘tgach, 1500 ta arizachilar orasidan 100 top-lider talabalar safiga kiritilganim haqida xabar qilishdi. Keyin ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish xalqaro fondi – Ziyo Forum tomonidan tashkil etilgan “O‘zbekistonning TOP-100 lider talabasi” loyihasi doirasida o‘quv oromgohida ishtirok etdik. Mazkur almanax O‘zbekistondagi iqtidorli va faol talabalarning faoliyati, erishgan yutuqlari jamlangan kitobdir. Undan ko‘zlangan maqsad respublikaning eng iqtidorli talabalarini birlashtirish, ularning faoliyatini qadrlash va loyihalarini amalga oshirishda amaliy yordam ko‘rsatishdan iborat.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi