Samarqand davlat universitetida “O‘zbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik masalalari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjuman o’tkazildi…

Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti tomonidan o’tkazilgan ushbu anjumanda “O‘zbek tilining taraqqiyoti va uning fonetik tizimi”, “Tillar globallashuvi va o‘zbek tili amalda bo‘lishining ayrim jihatlari”, “O‘zbek tilining dunyoda o‘rganilishi” mavzulari bo’yicha ma’ruza qilindi. Shuningdek, “O‘zbek tilim – o‘z tilim” kitobi taqdimoti bo’lib o’tdi.
- Millat bor ekan, uning tili ham yashaydi, tili yashar ekan u millat boshqa millatlar orasida o‘z nufuzi, martabasiga ega bo‘ladi. Har bir xalqqa o‘z tili aziz va ardoqli- deydi filologiya fakulteti dekani, professor Azamat Pardayev. – Yurtimizda o‘zbek tili bayrami keng miqiyosda nishonlanmoqda. Bugun O‘zbek tili - Davlat tili sifatida qabul qilinganligiga 33 yil bo‘ldi. Ona tilimizni asrash nafaqat o‘qituvchilarning, balki har bir insonning burchidir… Buyuk ma’rifatparvar Abdulla Avloniy aytganidek: “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak, millatning ruhini yo‘qotmakdur”. Dunyoda olti mingdan ortiq til mavjud bo‘lsa, shundan yuzga yaqin davlat, til maqomiga ega. Biz uchun mustaqillikdan oldin, davlat tili maqomini olish katta baxtdir… Bu mehnat samarasini avlodlarga yetkazish bizning vazifamizdir.
Tadbir davomida “Yosh tilshunos” ilmiy-ijodiy to‘garagi a’zolarining chiqishlari ishtirokchilarga havola etildi…
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.