Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti sirtqi bo‘limining “Yurisprudensiya” yo‘nalishiga 2021-2022 o‘quv yilida chet el oliy taʼlim muassasalaridan 460 nafar talaba o‘qishini ko‘chirib kelgan. Ularning ko‘pchiligi imtihonlardan (ayrimlari bir-ikkita, baʼzilari barcha farqli fanlardan) o‘ta olmasdan, akademik qarzdor bo‘lgan. Imtihon natijalari tahlili ushbu talabalarning xorijiy OTM birinchi bosqichida talab darajasida o‘qitilmaganini, aksariyatining yurisprudensiya sohasining bazaviy fanlaridan ham xabari yo‘qligini ko‘rsatdi. Natijada mazkur talabalarning ko‘pchiligi ikkinchi bosqich fanlarini o‘zlashtira olmagan.
    2022-yil 28-sentyabr kuni SamDUda universitet rahbariyati, Samarqand viloyati hokimining matbuot kotibi M.Mirzayev va talabalar ishtirokida brifing o‘tkazilgan edi. Brifing chog‘ida universitet rahbariyati farqli fanlar uchun tashkil etiladigan dars mashg‘ulotlari uchun to‘lovni bekor qilishga qaror qilganligi tushuntirildi. Lekin, 2-bosqich, yaʼni 2021-2022 o‘quv yilidagi sessiyalar davomida imtihonlardan “ikki” baho olgan talabalar qayta dars mashg‘ulotlarini tashkil etish uchun o‘zlashtirilmagan fanlarning kreditlari miqdoriga mos ravishda bazaviy to‘lov-kontrakt miqdoridan kelib chiqqan holda to‘lovni amalga oshirishlari zarurligi ham uqtirildi.
    Taʼkidlash kerak, bu – Samarqand davlat universiteti o‘ylab topgan chora-tadbir emas. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31- dekabrdagi 824-son qarori bilan tasdiqlangan «Oliy taʼlim muassasalarida o‘quv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 8-bob, 41-bandiga ko‘ra, akademik qarzdor talabalar taʼtil vaqtida yoki keyingi semestrlar mobaynida tegishli fanlardan o‘zlashtirilmagan kreditlar miqdoriga mos ravishda bazaviy to‘lov-kontrakt miqdoridan kelib chiqqan holda to‘lovni amalga oshirgandan so‘ng o‘zlashtirilmagan fanlarni qayta o‘qish huquqi berilgan. Baʼzi talabalar buni baho qo‘yilmagan imtihonlar uchun emas, go‘yoki olingan imtihonlar uchun pul to‘lash qabilida tushunib, ijtimoiy tarmoqlarda ham masalani shunday yetkazishga urinmoqda.
    O‘qishini ko‘chirib kelgan sirtqi bo‘lim “Yurisprudensiya” yo‘nalishining aksariyat talabalari ushbu holatni to‘g‘ri tushunib, farqli fanlar bo‘yicha qayta imtihon topshirayotgan ayni paytda, ayrim buzg‘unchi kayfiyatdagi talabalar boshqalarni yo‘ldan urishga, haqiqiy ahvoldan bexabar shaxslarga shikoyatbozlik qilish bilan ovoraligi achinarli holdir.
    Samarqand davlat universiteti o‘qishini ko‘chirgan talabalardan o‘rnatilgan tartib-tamoyillarga amal qilishga, ijtimoiy tarmoqlarda haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan balandparvoz sarlavhali chiqishlardan tiyilishga chaqiradi.