Yaylovlardagi muammolar, ularning oqibatlari va yechimlari to‘g‘risida
Respublikamiz umumiy yer maydonining 47 foizini (21,1 mln. ga) egallagan yaylovlarning tabiiy o‘simliklar qoplami bugungi kunga kelib katta xavf ostida qolgan, ularning maydoni tez sur’atlarda qisqarib bormoqda. Mutaxassislarning fikricha, so‘nggi 25-30 yil davomida respublika yaylovlarining 50-70 foizi inqirozga uchragan, 11 mln gektar yaylovlarning qayta tiklanuvchi yem-xashak hosil qilish potensiali izdan chiqqan va chorvachilik maqsadlarida foydalanish uchun yaroqsiz holatga kelgan.
Keskinlashib borayotgan iqlim o‘zgarishi sharoitida yaylovlarning inqirozga uchrashi natijasida mazkur hududlardagi ekologik vaziyat keskinlashgan. Buning oqibatida qurg‘oqchilik darajasining ortishi, tuproq eroziyasining kuchayishi va chang-bo‘ronlarning hosil bo‘lish jadalligi kun sayin ortib bormoqda. Bunday vaziyat nafaqat ushbu yaylov hududlarida istiqomat qiluvchi 4 mln aholining, balki respublikamizning boshqa hududlarida istiqomat qiluvchi insonlarning turmush tarzi va salomatligiga jiddiy ta’sir o‘tkazadi.
Mazkur muammolar so‘nggi yillarda yaylovlardan foydalanish jarayonida ularning xo‘jalik imkoniyatlari mutlaqo hisobga olinmaganligi, yaylovlardan almashlab foydalanishning ilmiy asoslangan tartib-qoidalari va normalariga amal qilinmaganligi oqibatida vujudga keldi.
Yaylov hududlaridagi o‘simliklar qoplamining bunday tarzda inqirozga uchrashi qator xavotirli oqibatlarga olib keladi. Jumladan, tabiiy o‘simliklar qoplamining yo‘qolib ketishi natijasida yaylovlarning iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishdagi potensiali keskin pasayib boradi. Bu esa ushbu hududlarda ekologik vaziyatning yanada yomonlashishiga olib keladi va aholining sog‘lom hayot kechirishiga katta salbiy ta’sir o‘tkazadi. Qolaversa, yaylov inqirozi ko‘lamining yil sayin ortib borishi ushbu hududda yem-xashak tanqisligining vujudga kelishiga sabab bo‘ladi. Oqibatda mahalliy aholining asosiy daromad manbai hisoblangan chorvachilik bilan shug‘ullanish imkoniyatlari keskin chegaralanadi.
Shu nuqtai nazardan yaylovlar inqirozi qator ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning vujudga kelishiga olib keladi. Ushbu muammolarni hal qilish bilan bog‘liq qator jihatlar va ularning imkoniyatlari mavjud.
Yaylovlarning xo‘jalik imkoniyatlari, mavjud tabiiy ozuqa zahirasi va geobotanik holatining noma’lumligi sohani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda to‘sqinlik qilayotgan muammolardan biri sanaladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, respublika darajasidagi so‘nggi kompleks geobotanik tadqiqotlar bundan 34 yil ilgari amalga oshirilgan. Bugungi kunga kelib respublika yaylovlarning hozirgi holatini to‘liq aks ettiradigan aniq ilmiy ma’lumotlar mavjud emas.
Yaylovlarning xo‘jalik potensialini aniqlash usullari o‘tgan asrning 80 yillarda ishlab chiqilgan va bugungi kungacha yaylovlarni baholash usullari takomillashtirilmagan, ayniqsa yaylovlar degradatsiyasi va uning turli bosqichlarini baholashning ilmiy asoslari ishlab chiqilmagan, bu bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar va unga ajratilayotgan mablag‘lar yetarli emas.
Sohada kadrlar yetishmovchiligi katta muammolardan biri sanaladi. Respublika “Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari Klassifikatori” da yaylov sohasiga tegishli faqat 1 ta bakalavr ta’lim yo‘nalishi (O‘simlikshunoslik (yaylov cho‘l o‘simlikshunosligi) va 1 ta magistratura mutaxassisligi (Yaylov fitomelioratsiyasi) mavjud bo‘lib, yiliga respublikaning faqat 2 ta OTMda ushbu soha bo‘yicha atigi 31 ta kvota ajratiladi. Jahon tajribasiga nazar soladigan bo‘lsak, yaylovlar keng tarqalgan AQSHda 1925 yilda 15 ta, 2020 yilga kelib esa 25 ta universitetlarda yaylov ekologiyasi va boshqaruvi sohasida bakalavr, magistr va falsafa doktori darajalari berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Yaylov sohasida mavjud ta’lim yo‘nalishlari va mutaxasissliklarining o‘quv rejalari va fan dasturlari eski ma’lumotlar asosida yaratilgan va hozirgi davr talablariga hamda xalqaro ta’lim standartlariga javob bermaydi. Jahonda yaylov ilm-fani taraqqiy etgan rivojlangan davlatlar, xususan AQSH, Avstraliya, Germaniya, Islandiya kabi davlatlardagi ta’lim texnologiyalari mamlakatimiz ta’lim tizimiga joriy qilinishi zarur. Mazkur sohaga ixtisoslashgan alohida kafedralar va fakultetlar tashkil etilishiga katta ehtiyoj mavjud.
Sohani rivojlantirish uchun ilmiy-pedagogik kadrlar, ayniqsa yaylovshunos geobotanik olimlarning yetishmasligi yaqqol sezilmoqda. Sohani barqaror rivojlantirish uchun ushbu sohadagi malakali mutaxassislar tayyorlash ko‘rsatkichlari keyingi yillarda keskin oshirilishi zarur.
Soha rivojiga to‘sqinlik qilayotgan yana bir og‘ir muammolardan biri, bu – yaylovlarni boshqarishga mas’ul bo‘lgan yuqori tashkilotlardan boshlab to quyi pog‘onalargacha sohaga tegishli ish o‘rinlarining mavjud emasligi. Joylarda yaylovlardan foydalanish tizimini tartibga soladigan va uni nazorat qiladigan mutaxassislar uchun ish o‘rinlarining yaratilishi galdagi kechiktirib bo‘lmas vazifa sifatida qaralishi lozim.
Yaylovlardan foydalanishda ruxsat berilgan normalarga amal qilish va yaylovlardan foydalanish tizimini qat’iy nazorat qilish maqsadida respublikamizda yaylovlar boshqaruvining qonuniy va huquqiy-me’yoriy asoslari kuchaytirilishi zarur.
Toshpo‘lat Rajabov,
Samarqand davlat universiteti
Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori