- Bugungi kunda Yashil sayyoramizga va unda hayot kechiruvchi dunyo aholisiga qator global muammolar jiddiy xavf solmoqda. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik va tabiiy resurslarning qisqarishi, suv resurslarining tanqisligi, qurg‘oqchilik, oziq-ovqat xavfsizligi kabi muammolar XXI asrga kelib global darajada shiddatli tus olib, shunday muammolar girdobida qolayotgan tabiiy resurslardan biri bo‘lgan yaylov ekotizimlarining ahvoli kundan kunga yomonlashib bormoqda. Yaylov hududlari butun dunyo quruqlik mintaqasining 1/3 qismini, Markaziy Osiyo mintaqasinining 2/3 qismini, O‘zbekistonning esa 50 foiz maydonini yaylovlar egallaydi. Afsuski, bugun yaylovlarimiz insonlarning noto‘g‘ri munosabati natijasida kundan kunga inqirozga uchrab, ularning tabiiy holati achinarli ahvolga kelmoqda. Mutaxassislarning fikricha, respublikamiz yaylovlarining 50-60 foizi bugungi kunga kelib inqirozga uchragan va bu jarayon shiddat bilan davom etmoqda. Ushbu masalaning amaliy yechimi va ilmiy asoslari hali ishlab chiqilmagan. Agar ushbu muammolarga barcha soha vakillari, butun jamoatchilik o‘z vaqtida eʼtibor bermasa, biz ikkinchi Orol dengizi muammosiga duch kelishimiz tayin. Ushbu muammolar faqatgina zamonaviy ilmiy yondashuvlar va ilg‘or tajribalar asosida yechim topishi mumkin. Mazkur muhim masalani dunyo ilg‘or tajribasiga asoslangan holda chuqur o‘rganish, mavjud imkoniyatlardan to‘liq va to‘g‘ri foydalangan holda yaylovlarni saqlab qolish hamda bu borada jahonning yetakchi mamlakatlarida to‘plangan boy ilmiy tajribani respublikamiz miqyosida ommalashtirish maqsadida o‘tkazilayotgan ushbu anjuman o‘ta dolzarb ahamiyatga ega.

 

Rustam Xolmurodov
Samarqand davlat universiteti rektori,

O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi