Samarqand davlat universitetida “Markaziy Osiyo yaylovlari: global muammolar va global imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi...

Anjumanni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov kirish so‘z bilan ochdi.
Nufuzli anjumanda respublika oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot institutlari, 20 ga yaqin mamlakatlarning nufuzli ilmiy markazlari va universitetlari: AQSHning Nevada universiteti, Yaponiyaning Tottori va Kioto universitetlari, Islandiya qishloq xo‘jaligi universiteti, Germaniyaning Rostok universiteti, Xitoy fanlar akademiyasi, Vengriyaning Seged universiteti hamda Botanika va ekologiya instituti, Mongoliya tabiiy fanlar universiteti, Belgrad universiteti va Rossiyaning Moskva davlat universitetlari olimlari ishtirok etdi.
Dunyo bo‘ylab kechayotgan global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq bugungi murakkab sharoitda insonlar hayoti uchun birlamchi bo‘lgan barqaror ekologik muhitni ta’minlash asosiy masala sanaladi. Ushbu dolzarb hayotiy vazifani to‘laqonli amalga oshirishda va sohani izchil rivojlantirishda zamonaviy ilm-fan yutuqlarini joriy etish, xalqaro maydonda tajriba almashish, global muammolarga yechim topishda mavjud imkoniyatlarni birlashtirgan holda yakdil harakat qilish muhim hisoblanadi. Anjuman davomida so‘zga chiqqanlar mazkur konferensiya Markaziy Osiyo hududlari uchun muhim bo‘lgan soha – yaylov ekologiyasi va ulardan foydalanish tizimini rivojlantirishda yangi davr ochishini alohida ta’kidladi.
- Bugungi kunda Yashil sayyoramizga va unda hayot kechiruvchi dunyo aholisiga qator global muammolar jiddiy xavf solmoqda, - deydi Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov, - Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik va tabiiy resurslarning qisqarishi, suv resurslarining tanqisligi, qurg‘oqchilik, oziq-ovqat xavfsizligi kabi muammolar XXI asrga kelib global darajada shiddatli tus olib, shunday muammolar girdobida qolayotgan tabiiy resurslardan biri bo‘lgan yaylov ekotizimlarining ahvoli kundan kunga yomonlashib bormoqda. Yaylov hududlari butun dunyo quruqlik mintaqasining 1/3 qismini, Markaziy Osiyo mintaqasinining 2/3 qismini, O‘zbekistonning esa 50 foiz maydonini yaylovlar egallaydi. Afsuski, bugun yaylovlarimiz insonlarning noto‘g‘ri munosabati natijasida kundan kunga inqirozga uchrab, ularning tabiiy holati achinarli ahvolga kelmoqda. Mutaxassislarning fikricha, respublikamiz yaylovlarining 50-60 foizi bugungi kunga kelib inqirozga uchragan va bu jarayon shiddat bilan davom etmoqda. Ushbu masalaning amaliy yechimi va ilmiy asoslari hali ishlab chiqilmagan. Agar ushbu muammolarga barcha soha vakillari, butun jamoatchilik o‘z vaqtida e’tibor bermasa, biz ikkinchi Orol dengizi muammosiga duch kelishimiz tayin. Ushbu muammolar faqatgina zamonaviy ilmiy yondashuvlar va ilg‘or tajribalar asosida yechim topishi mumkin. Mazkur muhim masalani dunyo ilg‘or tajribasiga asoslangan holda chuqur o‘rganish, mavjud imkoniyatlardan to‘liq va to‘g‘ri foydalangan holda yaylovlarni saqlab qolish hamda bu borada jahonning yetakchi mamlakatlarida to‘plangan boy ilmiy tajribani respublikamiz miqyosida ommalashtirish maqsadida o‘tkazilayotgan ushbu anjuman o‘ta dolzarb ahamiyatga ega.
-Yer yuzi mintaqasi bo‘yicha ko‘pchilik mamlakatlar hududlarining asosiy qismi yaylovlarga to‘g‘ri keladi, - deydi AQSH ning Nevada universiteti professori, Xalqaro Yaylovlar boshqaruvi jamiyati vise-prezidenti Barry Parryman, - Shu nuqtai nazardan, yaylovlarning hozirgi kundagi holati, ulardan foydalanish tizimini boshqarish va rivojlantirish masalasi har bir davrda muhim bo‘lib kelgan. Ayni davrdagi global iqlim o‘zgarishi sharoitida yaylovlarning inqirozga uchrash jarayonlarining yanada ortishi bu masalaga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini taqozo etadi. Bugungi anjumanda ishtirokchilarga yaylovlarni rivojlantirish borasida AQSH tajribasi bo‘yicha atroflicha ma’lumot berishga harakat qildim. Yaylovlar ekologiyasi va ularni boshqarish dasturini ishlab chiqish, shuningdek, yaylovlarni boshqarish xalqaro jamiyati bo‘limini tashkil qilish bo‘yicha ba’zi takliflar soha mutaxassislariga ma’qul bo‘ldi. Nevada universiteti Samarqand davlat universiteti bilan manfaatli hamkorlikka tayyor. Konferensiya bu kabi munosabatlarni yana bir pog‘ona rivojlantirishiga ishonaman.
- Hozirgi global sharoitda inson ehtiyojlarining har narsadan ustun qo‘yib kelinishi tabiatga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi, - deydi Yaponiyaning Tottori universiteti qoshidagi Qurg‘oqchil mintaqalar tadqiqotlari xalqaro platformasi professori Kristina Toderich, - Ko‘pchilik nazdida yaylov hududlari jamiyat hayoti uchun ahamiyati past omillar qatorida baholanadi. Ammo, Markaziy Osiyo hududlarining ko‘p qismi yaylovlardan iborat ekanligini inobatga olsak, ushbu hududlar aholisi turmush tarzi bevosita yaylovlarga bog‘langanligini ko‘ramiz. Bugungi kunda yaylovlar va ulardagi tabiiy resurslardan foydalanish, ularni boshqarish va nazorat qilish tizimining izdan chiqishi oqibatida bir qancha muammolar yuzaga kelmoqda. Bu kabi holatlarni kamaytirish uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yetarlicha samara bermayapti. Konferensiya tashkiliy jarayonlari davomida O‘zbekiston yaylovlari holati bilan tanishib chiqdik. Kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekiston hududida inson omili ta’siriga uchramagan birorta yaylov yo‘q. Bu holat yaylovlardan foydalanish tizimida muammolar borligini ko‘rsatadi. Anjumanning uchinchi kunida bevosita Samarqand yaylovlarida dala seminarlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur seminarlar davomida aynan shu masala bo‘yicha yakdil yechim topish, xalqaro miqyosda tajriba almashish imkoniyati yuzaga keladi.
Xalqaro konferensiyada Markaziy Osiyo mamlakatlarida yaylovlarni boshqarishni xalqaro tajribalar asosida takomillashtirish, sohadagi xorijiy va mahalliy olimlar, mutaxassislar o‘rtasida bilim va tajriba almashishga yo‘naltirilgan fikr va takliflarni ilmiy asoslangan ishlanmalar va sinovdan o‘tgan tajribalar asosida amalga oshirish bo‘yicha bir qator masalalarda hamkorlik bitimlari muhokama qilindi. O‘zaro muhokamalar natijasiga ko‘ra, Samarqand davlat universiteti AQSH ning Nevada universiteti hamda Respublika yaylov xo‘jaligini rivojlantirish uyushmasi bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi.
Konferensiya davomida yaylovlarni barqaror boshqarish sohasida dunyoning yetakchi olimlari tomonidan erishilgan so‘nggi innovasion natijalar va ilm-fan yutuqlari muhokama qilindi hamda xorijdan tashrif buyurgan olimlar tomonidan yaylov ekologiyasi sohasini rivojlantirishga oid xalqaro tajriba almashish bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi. Konferensiya davomida bildirilgan fikrlar va muhokamalar asosida ishlab chiqiladigan taklif va tavsiyalar nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo yaylovlarini asrashda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.