Munosabat

Samarqand shahrida yashovchi fuqaro P.Raxmatovaning 2022-yil 23-noyabrda Facebook tarmog‘idagi “Я-Самаркандец” guruhiga Samarqand davlat universiteti hududida amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlaridan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati bo‘yicha quyidagilar maʼlum qilinadi.
Ushbu murojaatda ko‘rsatilgan hudud Samarqand shahar hokimining 2014-yil 28-apreldagi №585-sonli qaroriga asosan Samarqand davlat universitetiga berilgan bo‘lib, 2014 yil 3-dekabrda Samarqand shahar yer tuzish va kuchmas mulk kadastr xizmati davlat unitar korxonasi tomonidan №14:16:01:01:01:0097:0001-sonli raqam bilan ro‘yxatga olingan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yana-da takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018-yil 24-iyuldagi 571-sonli qarori hamda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining Kuzatuv kengashi tomonidan 2022-yil 16-fevraldagi 1-sonli yig‘ilish bayonining 7-bandiga asosan xorijiy professor o‘qituvchilarga zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida 70 o‘rinli xizmat uyi qurilishi tasdiqlangan.
Samarqand shahar universitet xiyoboni 15-uy manzilida qurilayotgan uch qavatli xorijiy o‘qituvchi va talabalar turar joy binosi qurilishi obyekti bo’yicha Samarqand shahar hokimining 2021-yil 7-fevraldagi 77-Q-sonli qurilishga ruxsat berish to‘g‘risidagi qarori olingan bo’lib, viloyat qurilish Bosh boshqarmasi huzuridagi “Arxitektura va shaharsozlik Kengashi”ning 2021-yil 30-martdagi №30-sonli bayonnomasiga asosan loyiha taklifi maʼqullangan. Shuningdek, loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi DUK ning 2022-yil 23-avgustdagi №45/01-00/1-6146-sonli xulosasi olingan. Qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini o‘tkazish platformasi tender.mc.uz sayti orqali 2022-yil 28-sentyabrda №16916-sonli bayoniga asosan pudrat tashkiloti aniqlangan. Qurilish-montaj ishlari boshlash uchun Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasidan ro’yxatdan o‘tkazilgan.
Bugungi kunda qurilish-montaj ishlari Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetiga qonuniy tegishli bo‘lgan hududda amalga oshirilmoqda.
Murojaatchining shahar arxitektura xulosalari so‘ralganda taqdim etmaganligi va universitet bilan kelishmasdan o‘zboshimchalik bilan universitet hududiga qaratib eshik va deraza-romlar o‘rnatganligi aniqlangan. Ushbu fuqaroga universitetning xavfsizlik nuqtai nazaridan mazkur hududdan yo‘l berilmasligi to‘g‘risida bir necha bor og‘zaki ogohlantirishlar berilgan.
Shu o‘rinda bir mulohaza xalqimiz azal-azaldan maktab, madrasa, shifoxona, universitetlar qurilishini chin dilidan qo‘llab-quvvatlagan. Hattoki, bunday savobli inshootlar qurilishida hasharlar uyushtirilib, ko‘maklashgan. Chunki, bu bunyodkorliklar bir-ikki shaxsga emas, balki xalqimizga, kelgusi avlodlarga ham xizmat qiladi. Bundan quvonib, xursand bo‘lish o‘rniga aksincha, xalaqit berish, shikoyatbozlik qilish, mutlaqo yarashmaydi.
Ertaga mana shu xizmat uyi bitsa, bugungi kunda universitetimizda faoliyat ko‘rsatayotgan yuzlab xorijiy mutaxassislar yoniga yana ko‘plab olimlar qo‘shiladi. Buning natijasida taʼlim sifati oshadi. Zamonaviy kadrlar tayyorlash imkoniyati kengayadi. Bugungi kunda SamDU dunyoning ikki yuzdan ortiq, oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Demak, o‘z-o‘zidan mana shunday xizmat uyiga ehtiyoj va talab kundan-kunga ortib borishi tabiiy.
Quyida asoslovchi hujjat va qarorlar ilova qilinmoqda:
Samarqand shahar hokimining qarori
Qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ob'ekt ro'yxatdan o'tkazilganligi haqida ko'chirma
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.