“O‘z kelajagingizni Samarqand davlat universitetida olgan bilimingiz bilan qurishingiz kerak...”

-Bilimli yoshlarning istiqboli boshqacha bo‘ladi. Bugungi o‘zgarib borayotgan zamonamizda insonni faqatgina ilm-fan yuksaltiradi. Unutmang, ertangi hayotimizning qanday bo‘lishi sizga bog‘liq. Sizning jamiyatga tegadigan eng katta foydangiz kelajagingiz uchun qayg‘urib, yaxshi mutaxassis bo‘lishingizdir. Bugungi kunda kadrlar qobiliyatiga qarab baholanadi. Bu qobiliyatni siz universitetda shakllantirasiz. Siz o‘z kelajagingizni Samarqand davlat universitetida olgan bilimingiz bilan qurishingiz kerak...
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodovning talabalar bilan uchrashuvi bu gal Muhandislik fizikasi instituti, yuridik, intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari, geografiya va ekologiya, matematika hamda inson resurslarini boshqarish fakulteti talabalari bilan o‘tdi.
Rektor talabalar bilan suhbatni boshlar ekan, uchrashuvning rasmiyatchilikdan holi, samimiy tarzda o‘tishini ta’kidlab, kuchli bilim va salohiyatga ega yoshlarning jamiyatdagi o‘rni haqida alohida to‘xtaldi. Shundan so‘ng uchrashuv savol-javob va ochiq muloqot tarzida davom etdi.
- Samarqand davlat universiteti talabasi ekanligimdan doim faxrlanganman, - deydi matematika fakulteti talabasi, shashka bo‘yicha 4 karra Jahon chempioni Fayzullo Mardiyev. - Yaqinda SamDU rektori Rustam Xolmurodov tashabbusi bilan menga va men kabi imkoniyati cheklangan talabalar uchun moddiy yordam ajratildi. Bu haqida ota-onamga xabar berganimda, xursandchilikdan ko‘zlariga yosh keldi. Yana bir haqiqatni alohida ta’kidlashim joiz. Ota-ona uchun farzandining ortidan rahmat eshitish, u bilan faxrlanishdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Joriy yilda Samarqand davlat universitetiga “Prezident granti” asosida o‘qishga qabul qilingan har bir talabaning mahallasi, maktabi va ota-onasiga tashakkurnoma hamda sovg‘alar yuborgani yoshlarga yuksak iftixor bag‘ishladi. Bu tashabbus mening nazarimda hech mubolag‘asiz OTM lar orasida faqat SamDU talabalariga ko‘rsatilmoqda. Bu rektorning talabalar uchun qilayotgan g‘amxo‘rligining namunasidir.
- Rektor va yoshlar uchrashuvi chin ma’noda talabalar uchun yuqori kayfiyat bag‘ishladi. - deydi Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi instituti talabasi Charos Eshmamatova. - Ayniqsa, rektorimizning yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va fikrlarga xayrixohligi, mas’ul vakillarga muammolar yuzasidan uchrashuv davomidayoq ko‘rsatma va topshiriqlar bergani tahsinga sazovordir. Qolaversa, universitetning talaba hayotidagi rolini sodda va aniq qilib tushuntirgani, yetuk mutaxassis bo‘lish uchun berilgan tavsiyalari meni juda quvontirdi. Buning uchun Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodovga minnatdorlik bildiraman.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.