Insoniyat hayot tarzining asosini energiya tashkil qilishi hech kimga sir emas. Inson tomonidan iste’mol qilinayotgan umumiy energiya miqdori tarixiy rivojlanish bosqichlariga bog‘liq. Masalan, ibtidoiy jamoa davrida, inson tomonidan bir kunda iste’mol qilinadigan o‘rtacha quvvat, ya’ni ularning yashashini ta’minlovchi metabolik energiya oziq-ovqatlar hisoblangan. Uning miqdori taxminan 2,4 kVt soatdan iborat bo‘lsa, bugungi rivojlangan g‘arb mamlakatlarining yashash darajasida bu ko‘rsatkich ibtidoiy jamoa tuzimiga qaraganda 10 martadan ko‘p va u 250 kVt soatni tashkil qilmoqda.

    Bu ko‘rsatkich insonning nafaqat tirikligini ta’minlovchi metabolik energiyani, balki uning barcha zamonaviy ehtiyojlari: aloqa, elektr va issiqlik energiyasi, transport kabilarni o‘z ichiga oladi. Jahon mamlakatlari miqyosida fuqarolarning bunday talablarini uzilishlarsiz qondirish uchun albatta katta miqdordagi energiya zarur bo‘ladi.

    Aholisi soni 10 million atrofida bo‘lgan Shvetsiya qirolligida yiliga o‘rtacha 169,9 TVt soat (teravatt-soat) elektr energiyasi ishlab chiqarilsa, aholisi 36 milliondan ziyod bo‘lgan mamlakatimizda  70,01 TVt soat, ya’ni 2,4 marta kam elektr energiyasi ishlab chiqariladi.  Kishi boshiga to‘g‘ri keladigan elektr energiya miqdorini solishtirish uchun jahonda yashash tarzi bo‘yicha eng yuqori o‘rinlarda turadigan Shvetsiya qirolligida bu ko‘rsatkich o‘rtacha 13 480 kVt soatni, mamlakatimizda esa 1645 kVt soat (8 marta kam)ni tashkil qiladi. Demak, mamlakatning yoki jamiyatning rivojlanish darajasi qancha yuqori bo‘lsa, shuncha ko‘p elektr energiyasi iste’mol qilinadi.

    O‘zbekiston iqtisodining katta sur’atlar bilan rivojlanishi, yangi zavod va fabrikalarning qurilishi hamda ishga tushirilishi, transport va infrastrukturalardagi  o‘zgarishlar, aholi sonining katta tezlik bilan o‘sishi mamlakatimizda elektr energiyasiga bo‘lgan talabning keskin ortishiga olib kelmoqda.

    Mavjud elektr energiyasi manbalarining quvvati bu talablarni qondirishga yetarli bo‘lmagani shu yilgi qishda yaqqol sezildi. Hozirgi paytda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi asosan issiqlikdan  (85 foiz) va gidroelektrostansiyalaridan (13 foiz) olinadi. Muqobil energiyalardan olinadigan energiyaning miqdori turli manbalardan olingan ma’lumotlarga asosan 1,5-2 foizni tashkil qiladi. Mamlakatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan ma’nan eskirgan energiya ishlab chiqaruvchi qurilmalar samaradorligi yuqori bo‘lganlari bilan almashtirildi, ichki imkoniyatlardan foydalanib yangi quvvatlar olish yo‘lga qo‘yilmoqda. Shunga qaramasdan bugungi kun rivojlanish darajasini elektr energiyasi bilan ta’minlash masalasi qiyin kechmoqda. Bunga sabab tabiiy uglevodorod manbalari zaxiralarining kamayib borishi, mamlakatimizda katta daryolarning yo‘qligi va dengiz hamda okeanlardan uzoqligi bo‘lib, bu omillar issiqlik va gidroelektrostansiyalar quvvatini oshirishni cheklaydi.

    Bu masalalarni hal qilish uchun mamlakatimizda ko‘pgina ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Xorijlik hamkorlar hisobiga respublikamizning Samarqand, Navoiy, Surxandaryo, Buxoro, Namangan viloyatlarida davlat-xususiy sherikchiligi asosida Quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilmoqda.

    Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizni elektr energiyasi bilan ta’minlash masalasi bo‘yicha o‘tkazilgan uchrashuvlardan birida Jizzax politexnika institutining professori Urushboy Yo‘ldoshev Jizzax shahrida kremniy asosidagi quyosh elementlarini (QE) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni ilgari surdi va bu taklif Prezidentimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. 

    Prezidentimizning davlat korxonalarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojlarining 30 foizini muqobil energiya manbalaridan qoplash to‘risidagi qarori e’lon qilindi va 2030-yilga borib mamlakat ehtiyojlari uchun kerak bo‘lgan elektr energiyasining 25 foizini muqobil energiya manbalari hisobidan qoplash masalasi ilgari surildi.

    Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti ham binolari ustiga qiymati 15 milliard so‘mlik Quyosh panellarini tezlik bilan o‘rnatishni rejalashtirgan. Bu albatta, SamDU da muqobil energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha qo‘yilgan dadil qadamdir.

    Bizning nazarimizda, ushbu sohadagi muammoga katta e’tibor qaratilayotganligi o‘ta jiddiy, zarur va quvonarli hol. Shu o‘rinda ayrim taklif va mulohazalarimni bildirmoqchiman:

    Yaqin istiqbolda quyosh panellarini binolar tomi ustiga o‘rnatish  haqiqatdan ham dolzarb masala. Buning yechimi sifatida xorijdan quyosh panellari sotib olinib mamlakatimizda yig‘ilsa, xarajatlarning biroz kamayishiga olib keladi.

    Uzoq istiqbolda  quyosh panellarini  o‘zimizda ishlab chiqarish  kun tartibiga qo‘yilishi kerak. Hozirgi kunda quyosh panellarini ishlab chiqarish texnologiyalarining top-10 taligiga kiruvchi texnologiyalar bilan tanishib, mamlakatimiz uchun eng qulay bo‘lganini tanlab, shu sohada ilmiy-tadqiqot hamda konstruktorlik izlanishlarini zudlik bilan boshlash lozim.

    Monokristallik kremniy asosidagi quyosh panellari eng ko‘p tarqalgan bo‘lishiga qaramay, ularda tannarxning qimmatligi, elementlarning mo‘rtligi, temperaturaga chidamsizligi kabi kamchiliklar ham bor. Hozirgi paytda bu kamchiliklardan holi bo‘lgan Top‐10 talik texnologiyalarga kiradigan bir qancha yangi texnologiyalar mavjud. Masalan, kremniy asosidagi geteroo‘tishli quyosh panellarini ishlab chiqarish mumkin. Biroq bu sohada respublikamizdagi biror bir ilmiy tekishirish instituti yoki oliy o‘quv yurtlarida ilmiy tadqiqot hamda konstruktorlik ishlari olib borilmaydi.

    Nafaqat mamlakatimizda balki, butun dunyoda yana bir dolzarb muammo, elektr va issiqlik energiyasini tejash masalasi bo‘lib, bu sohada ham qilinishi kerak bo‘lgan ishlar mavjud. Yoritishga mo‘ljallangan elektr energiyasini tejaydigan va o‘zimizda ishlab chiqariladigan yoritgichlar bilan almashtirish juda muhim.  Aqlli uylar texnologiyalarini qo‘llash, shu bilan birga, arxitektorlar diqqatini qishloq sharoitida yashayotgan aholi uchun energiya tejaydigan uylarni loyihalash va ularni mahalliy xomashyolar hisobidan qurish texnologiyalarini yaratishga alohida e’tibor qaratilsa ayni muddao bo‘lar edi.

    Agar yuqoridagi texnologiyalarni o‘zlashtirishga va almashtirishga  kirishilsa, bu sohada katta yutuqlarga erishishimiz hamda  mamlakatimizda ko‘p miqdordagi elektr energiyasini tejash imkoniyati paydo bo‘ladi...

  

Eshquvvat ARZIQULOV,

Sharof Rashidov nomidagi

Samarqand davlat universiteti professori.