Xurshid Bozorov, SamDU organik sintez va bioorganik kimyo kafedrasi professori:

    –  Har yili katta tantanalar bilan nishonlanadigan Navro‘z bayrami xalqimizni o‘zi kabi qadimiy va ulug‘ milliy qadriyatlar ostida birlashtirib turadi. Ezgulik, xayr-saxovat, shafqat va shafoat ayyomi bo‘lgan Navro‘z bayramining yangilanish fasli bo‘lgan bahorda nishonlanishida  qandaydir ramziylik ko‘raman. Har bir insonning faoliyatida Navro‘z o‘zi bilan boshlab kelgan yangi yil va mavsum o‘ziga xos davr bo‘ladi. Navro‘zdan Navro‘zgacha ilmiy faoliyatimda katta yaniliklar bo‘ldi. Bu davrda Scopus va Web of Science ilmiy bazalari nashrlarida 10 dan ortiq maqolalarim e’lon qilindi. Biologik faol alkaloidlar sintezi va qo‘llanilishi bo‘yicha 7 ta xalqaro patentga ega bo‘ldim. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandim. Fursatdan foydalanib, barchani bugungi ayyom bilan muborakbod etaman. Navro‘z xonadonlarga fayz-baraka, yangi muvaffaqiyatlar olib kelsin.